O‘zbekistonlik taniqli bokschi, Rio Olimpiadasi chempioni Fazliddin G‘oibnazarovning qush ovlagani aks etgan video va suratlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi.

Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi. Ta’kidlanishicha, ushbu holat 2022 yilning 30 dekabr kuni Toshkent viloyatining Bekobod tumanidagi Sirdaryo daryosida kuzatilgan. Fuqaro X.U. tomonidan qushlar ovlangan. O‘ljalar bilan bevosita boshqa fuqarolar qatorida sportchi Fazliddin G‘oibnazarov ham foto va videotasvirga tushgani o‘z tasdig‘ini topgan.

munosabat, табиат resurslari vazirligi, фазлиддин ғоибназарov

Foto: Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati

«O‘rganishlar davomida ovni amalga oshirgan fuqaro X. U.ning ov qilishga tegishli hujjatlari mavjudligi, u ovchilik jamiyatidan ro‘yxatdan o‘tganligi aniqlandi. Biroq, u ov jarayonida belgilangan me’yorlarga amal qilmagan holda ov qilish qoidalarini qo‘pol tarzda buzganligi va bu bilan tabiatga zarar yetkazganligi ma’lum bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasiga asosan huquqbuzarga nisbatan jarima va hayvonot olamiga yetkazilgan zarar miqdori hisoblanib, ov qurollari Toshkent viloyati Bo‘ka tumani IIBga belgilangan tartibda topshirilgan.

«Yuqoridagi holat yuzasidan barcha ishtirokchilardan bunday holat boshqa takrorlanmasligi to‘g‘risida tushuntirish xatlari olinib, profilaktik suhbat o‘tkazildi», — deyiladi vazirlik axborotida.

Ta’kidlash joizki, vazirlik e’lon qilgan rasmiy munosabatda bokschi Fazliddin G‘oibnazarovning o‘ljalar bilan faqat suratga tushgani qayd etilgan. Ammo sportchi Instagram sahifasida e’lon qilgan va keyinchalik o‘chirib yuborgan videoda uning o‘zi ham ov qurolidan o‘q uzib, qushlarni ovlayotgani tasvirlangan.

Qolaversa, «Gazeta.uz» muxbiri bir qancha savollarga javob olish maqsadida Fazliddin G‘oibnazarov bilan bog‘langanganida, u ov qilganini tasdiqlagan edi.

«Ertaga baliq ovlasam ham, nega baliq ovladilaring, deb ham hamma gapiradi. Odamlarga qo‘yib bersalaringiz, tirnoq orasidan kir qidiradi, to‘g‘rimi? [Qushlar] Qizil kitobga kiritilmagan-ku. Odamlar gapiraveradi, e’tibor qilmanglar», — degan edi sportchi.

«Gazeta.uz» muxbiri bokschi Fazliddin G‘oibnazarovga qanday chora ko‘rilgani bo‘yicha izoh olish uchun Tabiat resurslari vazirligi matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ammo vazirlik vakillari sportchiga oid qismiga oydinlik kiritmadi. Ular o‘zida bor ma’lumotni vazirlik telegram kanalida e’lon qilganini qayta-qayta takrorladi.

Eslatib o‘tamiz, Fazliddin G‘oibnazarov ishtirokidagi mazkur holatga ekologuz telegram-kanali ham e’tibor qaratib, sportchilar qushlarni o‘ldirishni emas, balki ularni asrash, mehr ko‘rsatishni targ‘ib qilishi kerakligini bildirgan edi.

munosabat, табиат resurslari vazirligi, фазлиддин ғоибназарov

Foto: instagram.com/fazliddingaibnazarov