O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning Sputnik agentligi tarqatgan mamlakatning hozirda Rossiya va Belarusni o‘z ichiga olgan Ittifoq davlatiga qo‘shilishi mumkinligi haqidagi xabarlariga javob berdi.

28 aprel kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiyaning Voronej viloyati gubernatori Aleksandr Gusev bilan uchrashuvda sobiq ittifoq respublikalari Ittifoq davlatiga qo‘shilishiga ishonch bildirgan edi.

«Sizga rahmat, bizda shunday hamkorlik bor va hech kim xafa bo‘lmasligi, suveren, mustaqil davlatlar — Belarus va Rossiya rivojlanishi uchun yangi tamoyillar asosida yagona Ittifoq davlatini qurishga harakat qilmoqdamiz. Ishonchim komilki, sobiq Ittifoqning boshqa respublikalari ham shunday ittifoqqa qo‘shiladi», — degan edi u.

Sputnik`ning («Rossiya Segodnya» xoldingi tarkibiga kiruvchi) O‘zbekiston va Tojikistondagi filiallari deyarli bir xil sarlavha bilan yangiliklar chop etishdi («Lukashenko Tojikistonning Ittifoqqa qo‘shilishini bashorat qildi» va «Lukashenko O‘zbekistonning Ittifoq davlatiga qo‘shilishini bashorat qildi»).

Vazirlik O‘zbekistonning xorijiy hamkorlar bilan do‘stona munosabatlariga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan bunday ig‘vogar harakatlarga yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi.

«O‘zbekiston o‘z mustaqilligi va suverenitetini ta’minlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham o‘zi tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘lida qat’iy davom etadi», — deyiladi xabarda.

10 yanvar kuni KXSHT sammitida Aleksandr Lukashenko Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqealardan birinchi navbatda O‘zbekiston saboq olishi kerakligini, chunki tartibsizliklar tashkilotchilari unga ko‘z tikib turganini aytgan edi.

O‘z navbatida, prezident Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida Aleksandr Lukashenkoning Qozog‘istondagi voqealar ortidan O‘zbekiston saboq olishi kerakligi haqidagi gaplariga munosabat bildirdi. U mazkur bayonotni «asossiz» deb atadi. «Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», — dedi davlat rahbari.