O‘zbekiston Musulmonlari idorasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Navoiy viloyatida Qur’oni karim kitobi ichiga giyohvand modda yashirgan imom-xatib (ayrim manbalarda «mulla») qo‘lga olingani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

Daryo nashrining ma’lum qilishicha, 1969 yilda Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan fuqaro 1800 dollar evaziga tanishiga 3,84 gramm «opiy» giyohvand moddasini sotayotgan vaqtda Navoiy viloyati IIB va DXX Navoiy viloyati boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Xabar berilishicha, fuqaro giyohvand moddani sotishda Islom dinining muqaddas kitobi Qur’oni karimdan foydalangan. U 2 grammga yaqin giyohvand moddani mazkur kitobning ichiga yashirgan.

Musulmonlari idorasi ushbu holatni o‘rganib, mazkur qo‘lga olingan shaxs Diniy idora tizimida mutlaqo ishlamasligi to‘g‘risida tegishli OAV va internet manbalari mas’ullariga xabar berdi. Shundan keyin «imom-xatib», «mulla» so‘zlari «shaxs», deb qayta tahrir qilindi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim noxushliklarni muborak Islom dini, masjid yoki imom-domlalarga bog‘lash holatlari kuzatilmoqda, bu ish gunoh hisoblanadi.

Jinoyat qilgan odamning dinga bo‘lgan munosabati har qanday holatda ham oldingi sahnaga olib chiqilmaslik kerak. Bu odam jinoyat qilgan bo‘lsa, qonuniy jazosini oladi. Biroq har qanday imkoniyatdan foydalanish ilinjida masjid yo imomni yomonotliq qilishga urinish — og‘ir gunoh. Har bir ijodkor mazkur mavzularda so‘z yuritar ekan, tasavvurida Alloh taolo va Uning Rasuli, Islom dini qadr-qimmati paydo bo‘lsa, so‘z aytish mas’uliyatini yanada teranroq anglaydi, deyiladi Musulmonlar idorasi xabarida.

Idora OAV vakillari, jurnalistlar, sayt muxbirlari, ijtimoiy tarmoqlar yurituvchilari va blogerlarni muborak Islom dini, Diniy idora, masjidlar, ulamolar va imom-domlalar bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday xabarlarni yoritishda yaqindan hamkorlik qilishga chaqirdi.