Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani Kengashi deputati Feruza Babasheva bilan sodir bo‘layotgan voqealarga munosabat bildirdi.

«O‘rta Chirchiq tumani Kengashi deputati bilan sodir bo‘layotgan voqealar afsuski bizda hali ham odamlarni obro‘sizlantirish yo‘lida har qanday pastkash va noqonuniy usuldan foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda», — deb yozdi u.

Uning ta’kidlashicha, bu qonun bilan himoyalangan shaxsiy hayot daxlsizligi tushunchasini amalda «0» qilishga urinish bo‘layotganini anglatadi. «Va afsuski bu Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida yangi O‘zbekistonda „Inson qadri uchun“ degan shiorga mos olib borilayotgan islohotlarga nisbatan tamomila zid harakatdir».

Rasul Kusherbayevning fikricha, kim va nima bo‘lishidan qat’i nazar, odamni sindirish bunday usul bilan uyushtirilmaydi.

«Shu o‘rinda jamiyat va yaqinlari oldida deputat qanchalik ma’nan javob berayotgan bo‘lsa, shaxsiy hayot daxsizligini buzgan shaxslar ham qonun oldida shunchalik javob berishlari shart», — deb yozdi u.

«So‘ngso‘z shuki, pastkash erkaklari bor huquqni himoya qiluvchilar ishlayotgan jamiyatning borligi uyatli. Erkaklarni uyatga qo‘ymang „farishta erkaklar“!» deya so‘ziga nuqta qo‘ydi Rasul Kusherbayev.

Eslatib o‘tamiz, 15 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda deputat Feruza Babasheva va noma’lum erkak aks etgan intim mazmundagi fotosuratlar va videolar tarqaldi.

Keyinroq Toshkent viloyati IIBB Bo‘stonliq tumani «Xumson» mahallasida dala hovlilarda ishratxona tashkil qilingani va kunlik ijaraga berilayotgani, 2 oktabr kuni IIB tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida xonadonda F.B. (ayol) va D.Sh. (erkak) jinsiy aloqada bo‘layotgani aniqlanganini xabar qildi.

Xabarda hozirda mazkur jarayon aks etgan video tasvirning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zaro yozishmalar orqali tarqalganligi holati yuzasidan qo‘shimcha surishtiruv ishlari olib borilayotgani ta’kidlangan.