Adliya vazirligi matbuot kotibi so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda ochiqdan-ochiq yoki turli yashirin shaxsiy sahifalar, guruhlar orqali shaxsning qadr-qimmatini kamsitish orqali haqorat yoki sharmanda qilishga qaratilgan holatlar ko‘payib borayotgani, har bir shaxs boshqalarning huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart ekani aytilgan vazirlik munosabatini e’lon qilgan edi.

Unda tuhmat qilgani uchun 2018−2022 yillarda 11 574 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka, ayni shu davrda OAV yoki internet orqali ushbu jinoyatni sodir etgan 28 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani eslatib o‘tilgan.

«OAV va internet tarmog‘i orqali haqorat qilish bilan jinoyatni sodir etgani uchun 2020 yilda 16, 2021 yilda 31, 2022 yilda 58 nafar shaxs sud tomonidan aybdor deb topilib, tegishli javobgarlikka tortilgan. Shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan yolg‘on axborotni tarqatganlik uchun 2021−2022 yillarda 159 kishi ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, axborot maydonida tuhmat, haqorat, shaxs qadr-kimmatini kamsitish kabi jinoyatlarga qarshi kurash bugun paydo bo‘lib qolmagan, balki so‘z erkinligini ta’minlash bilan parallel ravishda muntazam kechayotgan jarayondir», — deyiladi xabarda.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov Twitter`da bu postga nisbatan «So‘z erkinligiga zimdan qarshi turgan vazirliklardan biri — Adliya vazirligi. Hozir „daje“ eng oldingi safda», — deya tvit qoldirdi.

Shundan so‘ng ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida muhokamalar kelib chiqdi.

Xususan, jamoatchilik faoli, bloger, adliya vaziri maslahatchi Shahnoza Soatova shunday yozdi:

Shokirjonov matnda OAVni qo‘shmaslik kerakligi, ular OAV emasligini aytsa, Shahnoza Soatova normada OAV va internet deb qo‘shib ishlatilgani, chunki OAV ham doim haq gapiravermasligi, ba’zan ovozli xabarlarning to‘lig‘i o‘zida bo‘lsa ham, kesilganini tarqatishini misol qilib keltirdi.

adliya vazirligi, so‘z erkinligi, twitter, jamoatchilik мuҳокамаси, blogerлар, jurnalistlar, мuносабат

Shuningdek, «Tuhmat va haqorat so‘z erkinligi emas, chunki bular qonunbuzarlik hisoblanadi. Lekin bir tarafdan xodimlarni bo‘ralab so‘kadigan odamlar yuqori lavozimlarda yuribdi shu vazirliklarda, ulargayam alohida qozon bordir», — deb yozmoqda Twitter foydalanuvchilaridan biri Dilshod Hoshimov.

Davletovuz kanali muallifi Qobil Xidirov ham muhokamalarga qo‘shilib, nima tuhmat, nima haqoratligini hamma bilishi haqida yozdi.

«Adliyachilar aqlli, qolganlar «tupoy» go‘yoki. So‘z erkinligi chegarasini adliyachilar belgilamaydi, u — hukumatning advokati. Buning uchun sud bor. Adliyaning aql o‘rgatishiyu, jurnalistika «tozalanishi»dan hozircha faqat so‘z erkinligi yutqazyapti», — deya ta’kidlaydi u.

«Albatta, jurnalistlarga tegadi. Hamma prezidentning OAV haqidagi gapini aylantirayotganda, adliyachilar avvaliga prokuraturaning ogohlantirishini, keyin bunaqa narsalarni aylantiryapti. Adliyaga ham hali so‘z erkinligi va erkin matbuot kerak bo‘ladi, sal bosiqroq bo‘vurish kerak… Eng qizig‘i, 90 foiz holatda adliyaning ogohlantirishini shundoq ham to‘g‘ri ishlayotgan jurnalistlar o‘qiydi, feykchi, tuhmatchilar shundoq ham «po barabanu», — deb yozgan Davletovuz bunday «noprofessional fikri uchun adliyadan uzr so‘ragan» va bu bilan Adliya vazirligi avvalroq OAVni ma’muriy o‘zgarishlarni noprofessional yoritishda ayblaganiga ishora qilib ketgan.

Shahnoza Soatova normalarni eslatish ham Adliya vazirligining vazifasiga kirishini aytib, «tuhmat, yolg‘on, haqorat tarqatmagan jurnalistlar nimaga bunga ta’sirchan?» — deya savol qo‘ydi.

U, shuningdek, yaqinda jurnalist Nikita Makarenko sudda tuhmat-haqorat bo‘yicha yutib chiqqani, nimaga shunaqa keyslar esga kelmayotganini so‘radi.

Makarenkoning o‘zi bunga javoban uning vaziyati 100 dan bitta holat ekani, dekabrda 4 marta «otkaz» kelgani, O‘zbekistonda qonun bo‘yicha o‘zini himoya qilish utopiya ekani haqida yozdi.

«Ha, men buni qonuniyat demadim. Adliyaning munosabatini OAVga deyishyapti, men u fuqarolarga deyapman. Sizning keysingizga o‘xshash holatlar ko‘paydi, tuhmat qilib yotishibdi Internetda. Shuni eslatish uchun aytdim. Yutganingiz, afsuski, istisno rostanam», — deya bahsga kirishishi sababini ochiqladi Soatova.

Adliya vazirligini e’lon qilinmayotgan va yashirilayotgan hujjatlar masalasida hokimlarni oqlab kelishda ayblagan iqtisodchi Otabek Bakirov esa vazirliklarning sifat va o‘lchovlari ularning rahbarlariga bog‘liq bo‘lib qolganini ta’kidlagan. «Davletov ketganidan keyin Adliya chiqishlarida erkinliklar va huquqlar haqidagi tezislar keskin kamayib, hukumatning har qanday harakatini oqlab beradigan tezislar keskin ko‘paygan», — deb yozgan u.