O‘zbekiston Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ichki bozorda o‘simlik yog‘i narxlari keskin oshgani bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganish bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar natijasini e’lon qildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda aholi iste’moli uchun 450 ming tonnadan ziyod o‘simlik yog‘i muomalaga chiqarilgan bo‘lib, shundan yarmidan ortiqrog‘i import qilingan. Bunda, Sanitariya qoida va me’yorlariga (SanpiN) muvofiq respublika bo‘yicha yiliga 300 ming tonnadan ortiq o‘simlik yog‘i talab etilishi ta’kidlandi.

Ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishiga birinchi navbatda tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida yetishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi munosabati bilan asosiy yetkazib beruvchilardan bo‘lgan qo‘shni davlatlarda kungaboqar yog‘i va urug‘i eksportiga yuqori bojxona bojlari belgilanishi tartibi muddati uzaytirilishi ham ta’sir etdi.

O‘z navbatida, import asosida olib kelinadigan kungaboqar yog‘i va urug‘i narxlarining oshishi mahalliy paxta yog‘i narxlariga ham bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, mahsulotga bo‘lgan talabni qondirish uchun ichki bozorda taklif yetarli darajada ekanligi ham ma’lum bo‘ldi, deyiladi xabarda.

«Yuqoridagilarga asosan, ichki bozorda o‘simlik yog‘i narxlarini barqarorlashtirish maqsadida barcha mutasaddi vazirlik va idoralar birgalikda barcha zarur choralarni ko‘rayotganligi ma’lum qilinadi», — deya ma’lum qildi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati.