O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Toshkentda GTA Showroom korxonasi rahbari ishchi va mijozlarga namoz o‘qishga sharoit yaratib bergani uchun sud tomonidan 21,6 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgani yuzasidan munosabat bildirdi.

Diniy qo‘mitaning qayd etishicha, fuqarolarning birgalikda dinga e’tiqod qilish, ibodat qilish, diniy rasm-rusum va marosimlarni bajarish uchun belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan holda diniy tashkilot tashkil etish talab qilinadi.

«Diniy rasm-rusumlar va marosimlarni amalga oshirish joylarining aniq belgilanmasligi har bir shaxs yoki diniy tashkilotning vijdon erkinligi huquqini ro‘kach qilgan holda jamoat tartibiga, tashkilotlardagi ichki tartib qoidalariga zid ravishda harakat qilishiga olib keladi», — deyiladi qo‘mita bayonotida.

Qayd etilishicha, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni belgilangan joylarda o‘tkazish bo‘yicha qonun talablariga loqayd munosabatda bo‘lish kelajakda mulk shaklidan qati nazar, barcha tashkilotlarda, jamoat joylarda qonunchilikda nazarda tutilmagan namozxonalar paydo bo‘lishiga, turli din vakillari tomonidan ibodat burchaklari tashkil etilishiga, din va davlat ajratilganligi tamoyiliga zid vaziyat shakllanishiga sabab bo‘ladi.

Qo‘mitaning fikricha, turli konfessiyalarga mansub shaxslar yoki diniy tashkilotlarning muayyan hududdan tashqarida diniy rasm-rusum va marosimlarni amalga oshirishi natijasida kelgusida mamlakatda missionerlik harakatlarining avj olishiga, aholi orasida diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Xulosa sifatida qo‘mita fuqarolardan internet va ijtimoiy tarmoqlarda diniy masalalar yuzasidan fikr bildirganda xolis bo‘lish hamda shaxsiy qarashlarini ommaviy munosabat sifatida talqin qilmasliklarini so‘radi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Yakkasaroy tumanida GTA Showroom kompaniyasi rahbari korxona binosida ishchi va mijozlarga namoz o‘qishga sharoit yaratib bergani uchun 21,6 mln so‘m miqdorida jarimaga tortilgani haqidagi xabarlar tarqalgan edi. «Milliy tiklanish» partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov sudya tadbirkorga nisbatan MJTKning 201-moddasini noto‘g‘ri qo‘llaganini, namoz o‘qish «diniy marosim emas, balki e’tiqodning o‘zagi, erkinligi kafolatlangan huquq» ekanini ta’kidladi.