O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov shanba kuni Oliy Majlis Senati yalpi majlisida qonunchilikka aholining ayrim qatlamlarini majburiy profilaktik emlashni qonuniylashtirish hamda ish beruvchiga profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan (qarshi ko‘rsatma mavjud bo‘lmaganda) ishchini ishga qo‘ymaslik huquqini berishni ko‘zda tutgan o‘zgartish kiritilgani bo‘yicha munosabat bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agarda fuqaro emlashdan bosh tortadigan bo‘lsa, «hech kim uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, tibbiyot muassasasiga olib borib emlamaydi».

«Bunday jarayon yo‘q. Bizda qonunchilikda majburiy davolash turlari belgilangan, masalan, alkogolizm, narkomaniya, ochiq tipdagi tuberkulyoz. Mana shu holatlarda sudning qarori bilan majburiy davolatadi. Unda haqiqatdan ham davlat majburlab, kerak bo‘lsa uyidan olib kelib tibbiyot muassasasida davolatadi. U bunaqa holatda yo‘q deya olmaydi», — dedi u.

Adliya vaziri emlashdan bosh tortgan taqdirda, fuqaro huquqiy oqibatlar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerakligini ta’kidladi.

«Bu yerda uning jamoat faoliyatlari, mehnat qilish huquqlari cheklanishi mumkin. Shuning uchun ham [Mehnat kodeksining] 113-moddaga kiritilyaptiki, mayli agar yo‘q desa, ishga kirolmaydi. Shu tomoniga biz alohida e’tibor qilaylik», — dedi vazir.

Ruslanbek Davletov Mehnat Mehnat kodeksining 100-moddasiga ko‘ra, ish beruvchi xodimni ishdan haydab yubora olmasligiga urg‘u berdi.

«Ko‘p tarqalyaptiki, bu talqin ishdan haydashga asos bo‘layapti, degan narsa. Yo‘q, bu ishdan haydashga asos emas. Ya’ni, Mehnat kodeksining 100-moddasi bo‘yicha ish beruvchi ishdan hayday olmaydi. Ishdan chetlashtira oladi. Bu umuman boshqa modda, umuman boshqa huquqiy munosabat, boshqa vaziyat va mohiyat», — deya aniqlik kiritdi u.

Adliya vaziri Mehnat kodeksining 113-moddasi bo‘yicha ish beruvchi xodim ishga mast holda kelsa yoki tibbiy komissiya xulosalariga binoan qandaydir muolajalarni qilmagan bo‘lsa, ish beruvchining ishdan chetlashtirish huquqi bor. Shunga qo‘shimcha sifatida vaksina olmasa ham ishdan vaqtinchalik chetlashtirishi va oylik to‘lamasligi mumkinligi kiritib qo‘yilmoqda.

Ruslanbek Davletov vaksinalar tadqiqotlar oxiriga yetkazilmasdan qilinayotgani haqidagi xabarlarga ha izoh berdi.

«Bir narsani tushunish kerakki, jamiyat, aholi ilmni 100 foiz to‘liq qabul qilmaydi. Shu paytgacha shunday bo‘lib kelgan, bundan keyin ham shunday bo‘ladi. 100 foiz odamlar ilm-fanning yutuqlarini qabul qila olmaydi. Shu paytgacha yerning dumaloqligiga ishonmaydigan guruhlar bor. Ularning katta-katta nodavlat tashkilotlari bor. Ular yerning dumaloq emasligiga ishontirishga harakat qilishadi. Ya’ni ilmni inkor qiladi. Shuning uchun bu yerda davlat o‘zining siyosatini yurityapti. Ilmning yutug‘ini e’tiborga olyapti», — dedi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, inson huquqlari absolyut huquq bo‘lishi mumkin emas, chunki «bir insonning huquqi boshqa insonlar huquqlari boshlanadigan joyda to‘xtashi kerak».

«Soliq to‘latish ham inson huquqini cheklash hisoblanadi, chunki soliq inson topayotgan daromadni erkin tasarruf qilish huquqini cheklaydi. Ammo qonunda belgilanganidan keyin hamma soliq to‘lashga majbur», — deya ta’kidladi u.

Ruslanbek Davletov Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi ham majburiy emlash masalasini ko‘rib chiqqani ta’kidlab o‘tdi. Bu yerda gap Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining aprel oyida maktabgacha yoshdagi bolalarni majburiy emlash to‘g‘risidagi qonunga rozi bo‘lmagan chexiyalik ota-onalarning guruh bo‘lib kiritgan da’vosini ko‘rib chiqqani haqida ketmoqda. O‘shanda sud majburiy emlashni demokratik me’yorlarga muvofiq deb topgan edi.

Adliya vaziri jamiyat manfaatlari va huquqlari individual huquqlardan ustun turishini qayd etdi. «Bu yerda jamoaviy immunitet, jamoat xavfsizligi to‘g‘risida gap ketmoqda», — dedi u.