O‘zbekiston Qurilish vazirligi shanba kuni Toshkentdagi payshanba kuni kechqurun hech qanday e’lonlarsiz buzilishi boshlangan «Navro‘z» qabullar uyi binosi avariya holatida bo‘lganini ma’lum qildi.

Vazirlik xabarida qayd etilishicha, «Navro‘z» majmuasi 1980 yillarda o‘sha davrning texnik reglamentlari, shaharsozlik talablari hamda qurilish normalari va qoidalariga muvofiq qurilgan. Majmua zamonaviy shaharsozlik va arxitektura talablari asosida rekonstruksiya qilish maqsadida batafsil texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan.

Texnik ko‘rik natijalariga ko‘ra, bino poydevori ostiga uzoq yillar davomida namlik o‘tganligi sababli 27 smga qiyshaygani aniqlangan.

Asosiy yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarning mavjud holati ularda katta hajmdagi kuchaytirish ishlarini amalga oshirishni taqozo qilishi ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlash va energiya tejamkorligini oshirish choralarini ko‘rish talab qilinadi.

Qayd etilgan tadbirlarni amalga oshirish hisob-kitoblarga ko‘ra katta mablag‘larni talab qilmoqda va iqtisodiy nuqtai nazardan maqsadga muvofiq emasligi ko‘rindi, deyiladi xabarda.

Aholi xavfsizligi, konstruktiv mustahkamligi va barqarorligi, seysmik xavfsizligi va mustahkamligi, yong‘in xavfsizligi, salomatlik va atrof-muhit muhofazasini hamda imkoniyatlari cheklangan shaxslarning foydalanishi mumkinligini hisobga olgan holda «Navro‘z» kompleksi o‘rnida barcha texnik va zamonaviy qurilish talablariga javob beradigan yangi inshoot, ya’ni kutubxona barpo etilishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki oxirgi yillarda «Navro‘z» majmuasi texnik jihatdan talabga javob bermaganligi inobatga olinib, faoliyati to‘xtatilgan edi, deya qo‘shimcha qildi Qurilish vazirligi.

Eslatib o‘tamiz, snos boshlanganidan keyingi kuni Toshkent hokimligi bu yerda «yosh olimlar, yoshlar va kitob ixlosmandlariga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan ulkan Kutubxona binosi qurilish ishlari boshlanganini ma’lum qildi.

«Navro‘z» qabullar uyi joylashgan Milliy bog‘ hududida Alisher Navoiy nomidagi ijod maktabi, Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyining yangi binosi, yangi Milliy drama teatr binosi, yaponiyalik arxitektor Tadao Ando loyihasi asosida Davlat san’at muzeyi namoyishlari kompleksi ham barpo etilishi xabar qilindi.