Davlat xizmatlari agentligi Toshkentdagi 11 ta Davlat xizmatlari markazlari xodimlarining qariyb 10 oy davomida yarim stavka shartnoma bilan faoliyat yuritgani haqida «Gazeta.uz» e’lon qilgan xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabatda Toshkentda aholi sonining ko‘pligi, DXMlarga tashrif buyuruvchilarning aksariyati kunning birinchi qismida kelishi navbatlar hosil qilayotgani qayd etilgan.

«Ushbu muammoning yechimi — xodimlarni yarim stavkaga ishga qabul qilib, kunning birinchi yarmida ishlaydiganlarning sonini ko‘paytirish bo‘ldi. Natijada xizmat ko‘rsatuvchi personalning ikki barobar ko‘pligi hisobiga navbatlar kamaydi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, xodimlar to‘liq ish kunini ishlab turib, yarim stavka oyligini olgan degan xulosa qilish mutlaqo noo‘rinligi aytilgan.

«Bunda, xodimlar ish vaqtini belgilashda mehnat huquqiy munosabatlariga to‘la rioya qilinib, har oylik rag‘batlantirish to‘lovlari amalga oshirilgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Davlat xizmatlari markazlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar soni tahlil qilinib, joriy yilning boshidan markazlarda qo‘shimcha shtat masalasi taklif berilgan va ushbu taklif ma’qullangan. Biroq pandemiya sabab qo‘shimcha shtat masalasi kechiktirilgan. Hozirda qo‘shimcha shtatlar ajratilgan va xodimlar to‘liq shtatda faoliyat olib bormoqda.

Avvallroq, «Gazeta.uz»ga murojaatda ta’kidlanganidek, 2019 yil yakunida DXM Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i (o‘sha vaqtda — Xusen Ochilov) yig‘ilish o‘tkazgan. U «ish o‘rinlarini qisqartirish» bo‘yicha og‘zaki buyruq borligi va bir necha oy davomida shtatlar ikki baravarga qisqarishini ta’kidlagan. O‘z navbatida, xodimlar markazlardagi ish bosimi ko‘pligi, hamma ham oilasini boqishi kerakligini aytib, ixtiyoriy ravishda yarim stavkaga o‘tish taklifini berishgan.

«Gazeta.uz» muxbiri mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida DXA Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Sanjar Abdullayev bilan suhbatlashganida, u ham xodimlar to‘liq stavkada ishlamaganini tasdiqlagan edi.

«To‘g‘ri, to‘liq stavkada emas. Bizda ixtiyoriy pullik xizmat deyiladi. Ya’ni, u olayotgan oylik maoshdan tashqari ishlasa, yana qo‘shimcha ravishda pullik xizmat qo‘shib beriladi. Lekin yarim stavka degani u majburiy emas, ishlaganiga, albatta, haq to‘langan. Qonunga zid ravishda mehnat olib bormagan», — degan edi Abdullayev.

Sanjar Abdullayev intervyusida ham, DXAning yuqoridagi munosabatida ham xodimlar nima sababdan va aynan qachondan yarim stavkaga o‘tkazilgani, qolaversa, to‘liq shtatga qaytarish to‘g‘risida qaysi sanada buyruq chiqqani masalasi ochiq qolgan. Abdullayev 2020 yilda deb aytgan edi, DXA esa buning yechimi pendemiya sabab kechikkani va hozirda xodimlar to‘liq shtatga o‘tkazilganini qayd etgan.