3 iyun kuni Markaziy bank so‘m ramzi bo‘yicha tanlov g‘olibini e’lon qildi. Unga ko‘ra, «so‘m» ramziga eng kreativ loyiha sifatida 508 ta ijodiy ish orasidan Jumagaldiyev Sarvar grafik belgisi g‘olib deb topildi. MB buni «milliy valyutaning o‘ziga xos timsolini yorqin ifoda etgan eng kreativ loyiha» deb atadi. Loyiha bo‘yicha jami 17 mingta ariza kelib tushgan, finalga shundan 54 tasi o‘tgan.


O‘zbekistondagi jamoatchilik faollari, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida mazkur tanlangan loyiha keng va qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. «Gazeta.uz» mazkur munosabatlardan bir qanchasini bir maqolaga jamladi.

Jurnalist Shuhrat Latipov o‘z kanalida nima sababdan mazkur belgi tanlangani tushunish uchun ularning barchasini internetda joylashtirish kerakligi haqida yozgan.

«Ish 508 ta loyiha ichidan tanlab olindi, ulardan 54 tasi finalga chiqdi. Ular nimalar orasida tanlaganini tushunish uchun takliflarning barchasini joylashtirish kerak. Ammo shusiz ham boshqa yaxshiroq variantlar borligi aniq», — degan u.

Shuningdek, u mazkur loyihalar tanlovida MA’NO Branding agentligidan taqdim qilingan qiziqarli na’munalar ham bo‘lganini eslatib o‘tgan.

MANO Branding agentligining so‘m ramzi uchun tayyorlagan na’munasi

Alimoff kanali asoschisi bloger Nurbek Alimov ham o‘z Telegram-sahifasida yangi belgi unga yoqmagani haqida yozadi.

«Aslida mana shunaqa tanlovlarni umumhalq ovoziga qo‘yish kerak birorta saytda, elektron imzo bilan ovoz beradimi, farqi yo‘q. Nega imi-jimida 4 ta chol o‘tirgan komissiya g‘olibni aniqlab qo‘ya qoladi? Meni g‘olib yigitga umuman savollarim yo‘q, ayb undayammas, ayb shu komissiyada. Aslida bular 10 tacha eng topini aniqlab shularni xalq ovoziga qo‘yishlari kerak edi. Bu qanaqadir hususiy bank logotipi emasku xalqqa „poshel von“ degani. Butun boshli valyutaning xalqaro belgisi qabul qilinyapti. Xullas, bo‘mapti, yemapti, qoralayman va nalatlayman», — deya ta’kidlagan bloger.

Iqtisodchi, Bakiroo — Otabek Bakirov esa so‘m ramzini «bir qarashda tuyaga ham o‘xshatgan»:

«Markaziy bank o‘tkazgan tanlov yakunlariga ko‘ra, Sarvar Jumagaldiyev taklif etgan grafik belgisi g‘olib deb topilipti. Bir qarashda tuyaga ham o‘xshaydi. P. S. tuya shaklida salbiy ma’no yo‘q, ipak yo‘liga ishoralar ko‘rdim masalan. Ramz menimcha, original chiqqan», — deya ta’kidlagan u.

Ko‘plab ijtimoiy tarmoq faollari, shu jumladan huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham o‘zbek so‘mining taklif etilgan ramzini 1998 yilda asos solingan In-Core Systèmes kompaniyasi logotipi bilan solishtirgan.

in-core systemes kompaniyasi logotipi. 1998 yilda asos solingan.

Bunga nisbatan «Bizda barchasi shunchaki tasodif bo‘ladi doim», — deya yozadi Xushnudbek.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘m belgisining qanday bo‘lishi monetar siyosatga hech qanday ta’sir o‘tkazmasligini, uni bu darajada qattiq muhokama qilish deyarli ma’noga ega emas ekanini aytgan.

«Xullas, so‘m belgisining qanday bo‘lishi monetar siyosatga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi. Ya’ni bu belgi inflyatsiya, pul massasi, ishsizlik, iqtisodiy o‘sish yoki valyuta kursi kabi biz uchun muhim bo‘lgan ko‘rsatgichlarning hech biriga hech qanday ta’sir o‘tkazmaydi. Shunday ekan so‘m belgisining e’lon qilinganligini bu darajada qattiq muhokama qilish deyarli ma’noga ega emas. Afsuski, aslida so‘m belgisining qanday bo‘lishidan ming marta muhim bo‘lgan monetar siyosatdagi bironta o‘zgarishning bu darajada muhokamaga sabab bo‘lganini ko‘rmaganman», — deya o‘z fikrini izohlagan u.

Mirzo Zominiy kanali muallifi Mirzayor Erkinov esa o‘z sahifasida so‘mning yangi belgisi bilan «koinotdan tuhfa» kelganini ma’lum qilgan.

«Judayam oson buni yozish. Pul kerakmi? Marhamat, oling. Yangi yilga sizga koinotdan sovg‘a. Yangi belgi bilan yanayam yaxshi», — degan u.

Troll.uz kanalida esa allaqachon mazkur ramzga atab Co‘m «belgisi» aks etgan ilk futbolka paydo bo‘ldi.

U mazkur tanlovga nisbatan «Qanaqa valyuta bo‘lsa, shunaqa simvol» tarzida munosabat bildirgan.

Strit-art yo‘nalishida ijod qiluvchi Inkuzart kanali asoschisi o‘z sahifasida tanlov uchun o‘zining takliklarini ilgari surgan va unda milliy belgilardan foydalangan.

1-namuna.

2-namuna.

Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova ham mazkur yangilikni yoqlamaganlar safida ekanini ma’lum qildi.

«„So‘m ramzi“ menga uncha yoqmadi. Bilmadim, qayerda bu tanlov o‘tdi, qanday ishlar qatnashdi (balki men ko‘rmay qolgandirman), lekin g‘alati ramz ekan, ilonga o‘xshaydimi-yey… Agar hali imkon bo‘lsa, yanayam o‘ylab ko‘rish kerak, bu butun mamlakatimizga taalluqli ramz, har holda», — degan u.