Toshkentning Yangihayot tumanida 31 yanvar kuni 12 yoshli qiz bedarak yo‘qolib qolgan. 1 fevralga o‘tar kechasi soat taxminan 2:30 larda uning murdasi o‘z uyi yaqinidan topilgan. Holat yuzasidan 29 yoshli erkak ushlangan, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v», «z» bandlari (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan o‘ldirish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bosh prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, «gumonlanuvchi shaxs 2022 yilning yozida marhumaning xonadonida yollanma ishchi sifatida ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan».

Voqea, bloger Qobil Xidirovning yozganidek, «hammani larzaga soldi», Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev yozganidek, «yurakning chuqur qavatlarida og‘riqli xavotirlarni paydo qildi». «Gazeta.uz» jamoatchilik vakillarining ushbu voqeaga munosabatlarini bir sahifaga jamladi.


Aksariyat faollar voyaga yetmaganlarga jinsiy tajovuz qilgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan jazo choralarini yanada kuchaytirish zarurligi haqida fikr bildirgan. Xususan, bloger Shahnoza Soatova «yana ham jiddiy choralar, jinoyatning oldini olish mexanizmlari kerak»ligini ta’kidlagan. «Reyestr, kimyoviy kastratsiya, risk guruhlari bilan maqsadli ishlashni kuchaytirish va hokazo», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Jurnalist Hasan Toshxo‘jayev prezidentdan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish jarayonida bolalarga jinsiy tajovuz va boshqa shu kabi jinoyatlarni sodir etganlar uchun o‘lim jazosini qayta tiklashni so‘rab murojaat qilgan. «Toki pedofillar va hayvoniy istagining qurbonlari qiladigan ishi oqibatini chuqurroq o‘ylab ko‘rsin… Qonunlarimiz shafqatsiz bo‘lmas ekan, qonundan qo‘rqmaydiganlarning shafqatsizligi ortaveradi!», — degan Toshxo‘jayev.

«Yaqin-yaqingacha O‘zbekistonda kechayu kunduz xavfsiz yurish mumkin» deb o‘ylagan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva ham qonunchilikda bu kabi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga shafqat bo‘lmasligi kerakligi haqida fikr bildirgan.

«Tong g‘ira-shirasida, shom qorong‘usida ishga, o‘qishga ketayotgan, qaytayotgan ayollar, yosh qizchalarni ko‘p ko‘raman… Lekin mana bu voqea kuppa-kunduzi ro‘y bermoqda. Demak, 12 yosh qizni olib ketib, zo‘rlab, o‘ldirish uchun jinoyatchi hech narsadan qo‘rqmayapti! Demak, jinoyat oqibatlari uncha xavfli emas, deb biladi. Qo‘rqsa hurmat qiladi, degan gap bor. Bu kabi holatlarga jinoiy javobgarlikni oshirish zarur. Oqibatidan qo‘rqsagina mudhish xatti-harakatdan o‘zini tiyadi… Qonunchiligimizda bundaylarga shafqat bo‘lmasligi kerak!», — deydi deputat.

Bloger Nikita Makarenko deputat va senatorlarni «g‘o‘ng‘irlashni bas qilib», «siyosiy iroda ko‘rsatib», oilaviy zo‘ravonlik, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, jinsiy zo‘ravonlik va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo choralarini keskin kuchaytirish to‘g‘risidagi tuzatishlarni qabul qilishga chaqirgan. «Erkak-deputatlarning „mentalitet“, „bola qotillarining ruhiyati“, „eng muhimi, oila buzilmasin“ degan bahonalarini eshitishga ortiq toqat yo‘q», — deb yozgan u.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Odiljon Tojiyev «qonunchilikda aybdorni jazolash choralarini yanada kuchaytirishni nazarda tutuvchi o‘zgarishlar»ni ishlab chiqishga, «qonunchilikda belgilangan eng og‘ir jazo turini belgilash bo‘yicha ishlash»ga va’da bergan. «Bu haqda gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas», — deydi u.

Ayni vaqtda, Tojiyevning qo‘shimcha qilishicha, yuz bergan voqeada e’tiborni faqat aybdorlarga nisbatan jazoni kuchaytirishga qaratmaslik kerak, chunki «voqea xronologiyasiga qaralsa, […] ota-ona hamda ta’lim tashkiloti vakillariga jiddiy e’tirozlar uyg‘onadi». «Biz bolaga begona kishilar bilan qanday muomala qilishni o‘rgatishimiz kerak. Bu haqda uyda, maktabda aytilishi, uqtirilishi kerak. Aks holda pedofillar qo‘lga tushmaslik uchun o‘z [o‘ljasini] o‘ldirishda, xo‘rlashda, qiynashda davom etadi», — deydi u.

Bloger Nurbek Alimov ham «voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy jinoyat qilganlar amnistiyaga tushmasligiga doir qonun tezroq qabul qilinishi» va «hammayoqda kamera nazorati bo‘lishi kerak»ligini ta’kidlarkan, Yangihayotdagi shov-shuvli voqeaga qadar bolalar kim bilan ketayotganiga odamlar aytarlik e’tibor bermaganini, bu borada «birgina yo‘l» borligiga diqqatni qaratgan.

«Hozir maktabga ketyapmiz, yo‘lda bir necha ota-onalar bolalarini yetaklab ketyapti. Ularni qay biri bolalarning ota-ona, qay biri aldab opketayotgan begona? Biz buni bila olmaymiz, ayniqsa, bola qarshilik qilmay ketayotgan bo‘lsa… Birgina yo‘l — bolalarimizga begonalar bilan umuman hech qayerga bormaslikni, kimdir qo‘lidan ushlasa baqirib atrofdagilarni chaqirishini, […] umuman oilamizdan tashqaridagi odamlarga ishonmaslikni o‘rgatishimiz kerak… Bolalarimizni avvalo o‘zimiz asrashimiz kerak ekan», — deydi bloger.

«Nemolchi.uz» loyihasi asoschisi Irina Matviyenko esa jamoatchilik bu voqeani «eri yoqib o‘ldirgan homilador ayol, qaynonasi pichoqlab o‘ldirgan kelin, qaynotasi o‘ldirib, boshini uzib olgan kelin, otasi tomonidan kaltaklab o‘ldirilgan qiz» voqealari kabi bir necha kundan keyin unutib yuborishidan afsus bildirgan.

«Tamom. Jamiyat unutdi. Vaholanki bu voqealar bir zanjirning bo‘g‘inlaridir… Zo‘ravonlikka bardoshli muhit yuqorida tavsiflangan voqealar ustiga quriladi. Shuning uchun har bir gender zo‘ravonlik holati ahamiyatli. Ammo, afsuski, jamiyat faollashishi uchun dahshatli voqea — dahshatli bezorilik, himoyasizlarni zo‘rlash va o‘ldirish, o‘ziga xos shafqatsizlik bilan qotillik yuz berishi kerak», — deb yozadi u.

Irina Matviyenko ushbu hodisada ota-onalar bilvosita aybdor qilinishini qoralagan. «Bugun hatto Xotin-qizlar qo‘mitasi ham munosabat bildiribdi, vaholanki avvallari ular bunday holatda mum tishlab o‘tirardi. Ular nima maslahat berganini bilasizmi? Ota-onalar farzandlarini maktabdan kutib olishlari kerak ekan. Yana ota-onalar bilvosita aybdormi? Men dahshatli voqealarga javoban reaktiv harakatlar emas, balki kompleks yondashuvni xohlayman», — deb qo‘shimcha qilgan u.

Bloger Qobil Hidirov qizidan ayrilgan «oila boshiga tushgan sinovdan hamma xulosa chiqarishi kerak»ligi haqida yozarkan, bolaning xavfsizligini faqat ota-onaning bo‘yniga yuklash «mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emasligi»ni ta’kidlagan.

«Davlat har bir bolaning uyidan maktabga bemalol borib-kelishi, ko‘chada qo‘rqmasdan o‘ynashi, xavfsiz muhitda o‘sib-ulg‘ayishi uchun shart-sharoit yaratishi lozim. Bolaning xavfsizligini ota-onaning bo‘yniga yuklash mas’uliyatsizlikdan boshqa narsa emas. IIV faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi, siyosiy javobgarlik masalasi kun tartibiga chiqishi, „Xavfsiz shahar“ loyihasi taftish qilinishi lozim», — deb ta’kidlagan «Davletovuz» kanali muallifi.