14 iyul kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng muhim xabarlar dayjesti
14 iyul 2021, 20:36

14 iyul kuni O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng muhim xabarlar dayjesti

Amir Temur xiyobonidagi ommaviy to‘planish, Buyuk Britaniyaning “oltin vizasi"ni olgan o‘zbekistonliklar, noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatlar, Yangi O‘zbekiston universitetining kontrakt narxi, Andijonda IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani rad etilishi — “Gazeta.uz"ning 14 iyuldagi eng muhim xabarlari dayjestida.

O‘zbekistonga yaqin oylarda qariyb 5 mln doza vaksina olib kelinadi
14 iyul 2021, 20:12

O‘zbekistonga yaqin oylarda qariyb 5 mln doza vaksina olib kelinadi

20−25 iyul kunlari ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasidan qo‘shimcha 4 mln doza olib kelinadi. Shuningdek, avgust-cyentyabr oylarida Sputnik V vaksinasidan 160 ming doza COVAX dasturi doirasida yana 660 ming doza (AstraZeneca yoki Moderna) vaksinalari olib kelinishi kutilmoqda, deya xabar berdi deputat Doniyor G‘aniyev.

Andijonda IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani rad etildi
14 iyul 2021, 19:51

Andijonda IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani rad etildi

Andijon shahar deputati Jahongir Jiyanov IIB xodimlari fuqaroning qo‘lini sindirgani haqida xabar berdi. Bosh prokuratura Andijon shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazayotganini ma’lum qildi. IIV matbuot kotibi esa fuqaroga IIB xodimlari tomonidan jarohat yetkazilganini rad etdi. Xabar berilishicha, fuqaro ertalab tez tibbiy yordam bo‘limiga IIO xodimlari tan jarohati yetkazganligi bo‘yicha murojaat etgan. Hozirda fuqaro jarohatni qayerda olganligi bo‘yicha surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Energetika sohasining faxriy xodimi Ruslan Mubarakshin vafot etdi
14 iyul 2021, 19:45

Energetika sohasining faxriy xodimi Ruslan Mubarakshin vafot etdi

O‘zbekiston energetika sohasining faxriy xodimi Ruslan Mubarakshin 59 yoshida vafot etdi. U 2021 yil fevraldan hozirga qadar “Chirchiq transformator zavodi” AJ bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

SSV Amir Temur xiyoboni yaqinidagi ommaviy to‘planish bo‘yicha izoh berdi
14 iyul 2021, 18:54

SSV Amir Temur xiyoboni yaqinidagi ommaviy to‘planish bo‘yicha izoh berdi

Karantin qoidalari va cheklovlari qo‘pol ravishda buzilayotgan holatlar, xususan, 13 iyul kuni Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida 150−200 nafarga yaqin yoshlar yig‘ilgan holati epidemiologik vaziyatning yanada og‘irlashishiga olib kelishi mumkin, deya ma’lum qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi. «Kasallikning yangi shtammlari tez yuqishi, jadal rivojlanishi hamda yashirin ravishda organizmni kuchli jarohatlashi kuzatilmoqda», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

ShHT Afg‘onistondagi mojaro ishtirokchilarini kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirdi
14 iyul 2021, 18:36

ShHT Afg‘onistondagi mojaro ishtirokchilarini kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirdi

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Afg‘onistondagi mojaro ishtirokchilarini ShHTga a’zo davlatlar bilan chegaradosh tumanlarda beqarorlik va kutilmagan oqibatlarga olib keluvchi kuch va harakatlarni qo‘llashdan tiyilishga chaqirdi.

«Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak» — Komil Allamjonov
14 iyul 2021, 18:00

«Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak» — Komil Allamjonov

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov fikriga ko‘ra, rossiyalik bloger Subxan Mamedov (Subo) bilan profilaktik suhbat emas, balki «unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘ligiga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani» nuqtai nazaridan huquqiy baho berilishi kerak.

O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi
14 iyul 2021, 17:17

O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi To‘xtamurod Jumayev vafot etdi

O‘zbekiston Xalq o‘qituvchisi, «Buyuk xizmatlari uchun» va «Mehnat shuxrati» ordenlari sohibi, «Qorako‘l maktabi» asoschisi To‘xtamurod Jumayev 76 yoshida vafot etdi.

Yangi O‘zbekiston universitetida bir yillik kontrakt narxi qariyb 50 mln so‘m bo‘ladi
14 iyul 2021, 16:22 1

Yangi O‘zbekiston universitetida bir yillik kontrakt narxi qariyb 50 mln so‘m bo‘ladi

Yangi O‘zbekiston universitetida mahalliy talabalar uchun bir yillik kontrakt narxi 49 mln 700 ming so‘m ekanligini ma’lum qilindi. Xorijiy talabalar uchun esa 10 ming dollar etib belgilandi.

Dollarning rasmiy kursi ketma-ket uchinchi kun ko‘tarildi
14 iyul 2021, 16:19

Dollarning rasmiy kursi ketma-ket uchinchi kun ko‘tarildi

Dollarning rasmiy kursi 10,91 so‘mga ko‘tarildi va jami 10 660,00 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, rubl kurslri ham biroz ko‘tarildi, yevro kursi biroz pasaydi.

Toshkent hokimligi davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni qoplab beradi
14 iyul 2021, 15:25

Toshkent hokimligi davlat organlari tomonidan yetkazilgan zararni qoplab beradi

Toshkent byudjetidan davlat organlari yoki ushbu organlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari (harakatsizliklari) natijasida fuqarolar yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplash xarajatlari uchun 5,72 mlrd so‘m ajratiladi. Hokimning qaroriga binoan yetkazilgan zarar sud qarorlari asosida qoplanadi.

Farg‘onada 50 sotix yerni 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi
14 iyul 2021, 14:40

Farg‘onada 50 sotix yerni 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Farg‘ona viloyatida qurilish balansida bo‘lgan 50 sotix yer maydonini 25 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Shuningdek, Namangan viloyati, Buxoro viloyati, Sirdaryo viloyatining Sardoba, Toshkent shahrining Chilonzor hamda Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanlarida ham noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.

O‘zXDP yo‘llarda radarlardan foydalanish tartibini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda
14 iyul 2021, 14:25

O‘zXDP yo‘llarda radarlardan foydalanish tartibini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilmoqda

O‘zXDP deputati Sherzod Rahmonov ayrim yo‘l harakati qoidalarini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Xususan, partiya harakatlanayotgan transport vositalarida radarlardan foydalanishni bekor qilishni va barcha turdagi radarlarning joylashuvi onlayn rejimda ko‘rsatilishini taklif qilmoqda.

Vaksina olish uchun yaratilgan imkoniyatlardan 2 baravar past darajada foydalanyapmiz — Nurmat Otabekov
14 iyul 2021, 12:24

Vaksina olish uchun yaratilgan imkoniyatlardan 2 baravar past darajada foydalanyapmiz — Nurmat Otabekov

SES rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov ta’kidlashiga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston bo‘ylab emlash tadbirlari uchun yaratilgan imkoniyatlarning teng yarmidan foydalanilmoqda. Har bir emlash punktida kuniga 36 nafar fuqaro emlanmoqda, rejada esa 70 kishi bo‘lgan. «Vaksinadan boshqa biz epidemik vaziyatni barqarorlashtiradigan bir taklifni yoki qandaydir tashabbusni ko‘rmayapmiz», — dedi u. Shuningdek, vaksinatsiya jarayonlarida faol ishtirok etayotgan tibbiyot xodimlariga rag‘bat sifatida moddiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlariga sel kelishi xavfi kutilmoqda
14 iyul 2021, 12:11

Farg‘ona vodiysining tog‘li hududlariga sel kelishi xavfi kutilmoqda

O‘zgidromet kecha Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida sodir bo‘lgan, sakkiz kishi halok bo‘lgan sel kelishi holati bo‘yicha ma’lumot berdi. Shuningdek, 15−16 iyul kunlari Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi borligi haqida xabar berildi.

Avgustda «Temir daftar»dagi oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga 500 ming so‘mdan beriladi
14 iyul 2021, 12:03

Avgustda «Temir daftar»dagi oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlariga 500 ming so‘mdan beriladi

Prezident farmoni bilan, avgust oyida «Temir daftar»ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandlari uchun 500 ming so‘mdan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, farmon bilan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa qator choralar e’lon qilindi.

13 iyul kuni 319 kishida pnevmoniya aniqlandi
14 iyul 2021, 10:47

13 iyul kuni 319 kishida pnevmoniya aniqlandi

Dushanba kuni O‘zbekistonda 491 nafar fuqaroda koronavirus, 319 nafar kishida pnevmoniya aniqlandi. Shuningdek, so‘nggi kun ichida 3 nafar koronavirus bemori vafot etdi.

Xalq ta’limi tizimiga qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi qaytdi
14 iyul 2021, 10:32

Xalq ta’limi tizimiga qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi qaytdi

O‘zbekistonda qariyb 45 ming nafar erkak o‘qituvchi xalq ta’limi tizimiga qaytdi. Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli o‘qituvchilar soni 64 ming 892 nafardan 46 ming 214 nafarga (30%ga) kamaygan.

12 nafar o‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaning «oltin vizasi» ni olgan
14 iyul 2021, 10:29

12 nafar o‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaning «oltin vizasi» ni olgan

2008 — 2020 yillarda 12 nafar o‘zbekistonlikka Buyuk Britaniyaning «oltin vizasi» berilgan, biroq ularning kimligi haqida ma’lumot yo‘q. Hisobotga ko‘ra, mazkur vizalarning aksariyatini korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan Xitoy, Rossiya, Gongong va AQSh kabi mamlakatlar fuqarolari olgan.

Amir Temur xiyobonidagi ommaviy to‘planishga rossiyalik bloger sabab bo‘lgan — poytaxt IIBB
14 iyul 2021, 10:24

Amir Temur xiyobonidagi ommaviy to‘planishga rossiyalik bloger sabab bo‘lgan — poytaxt IIBB

13 iyul kuni Amir xiyobonida 150−200ga yaqin fuqarolar to‘plangan. Toshkent shahar IIBBning ma’lum qilishicha, bunga rossiyalik bloger, «Subo»ning obunachilariga pul tarqatish haqidagi e’loni sabab bo‘lgan. Ichki ishlar organlari tomonidan to‘plangan fuqarolarga karantin qoidalariga rioya qilish va ommaviy to‘planmaslik kerakligi tushuntirilgan hamda ular tarqatilgan, deyiladi boshqarma bayonotida.


"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting