Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Afg‘onistonning butunligi va demokratiyasini yoqlaydi, deyiladi SHHTga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Tojikistondagi uchrashuvlari yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonotda.

Bayonotda qayd etilishicha, mazkur mamlakatda tinchlik va barqarorlikka erishish “ShHT hududida xavfsizlikni ta’minlashning asosiy omillaridan biri hisoblanadi”.

“Afg‘onistondagi mojaroga jalb qilingan barcha tomonlarni Afg‘onistonning ShHTga a’zo davlatlar bilan chegaradosh tumanlarda beqarorlik va kutilmagan oqibatlarga olib keluvchi kuch va harakatlarni qo‘llashdan tiyilishga qat’iy sur’atda chaqiramiz”, — deyiladi hujjatda.

“ShHTga a’zo davlatlar mintaqadagi chaqiriq va tahdidlarga, birinchi navbatda terrorizm va narkojinoyatlarning har qanday shakl va ko‘rinishlariga qarshi kurashishda Afg‘oniston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, ushbu vazifalarni hal qilishdagi “ikki xil standartlar"ga birgalikda qarshi turishga tayyorligini tasdiqlaydi”, — deya qayd etishdi tashkilotga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari.

ShHT ishtirokchilari, shuningdek, Afg‘onistondagi mojaroni siyosiy muloqot yo‘li bilan hal qilish hamda inklyuziv tinchlik jarayonini afg‘onlarning o‘zlari afg‘onlarning rahbarligi ostida amalga oshirishdan boshqa muqobilning yo‘qligi borasidagi pozitsiyalarini tasdiqladilar.

Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashi 13−14 iyul kunlari Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston va O‘zbekiston tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari ishtirok etishdi.