“Partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming imzo ko‘p emas“ — O‘zbekiston adliya vaziri

O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulovning aytishicha, partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming imzo unchalik ko‘p emas. “Agar har 5 yoki 10 ming kishi partiya ochaversa, ular soni qancha bo‘ladi?“ — dedi u. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa vazirning pozitsiyasini “to‘liq avtoritar“ deb atadi.

O‘zbekistonda birinchi avtomatlashtirilgan hojatxona ishga tushdi

Toshkentning Mirobod tumanida O‘zbekistonda birinchi avtomatlashtirilgan sanitar-gigiyenik shoxobcha ishga tushirildi. Unga kirishdan avval naqd pul yoki QR kod orqali to‘lov qilinadi. Foydalanish jarayonida barcha qurilmalar inson omilisiz boshqariladi. Shoxobcha 24/7 rejimida faoliyat yuritadi.

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga bordi

30-mart kuni O‘zbekiston prezidenti hududlar rivoji va aholi hayoti bilan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘istonga bordi. Tashrif davomida yangi korxonalar ishga tushirilishi, yoshlar bilan muloqot qilish ham rejalashtirilgan.

E-auksion platformasi orqali kompaniyalar aksiyalarini sotish falokatga olib kelishi mumkin

Moliyaviy tahlilchi Karen Srapionov davlat kompaniyalari aksiyalarini elektron auksion platformasi orqali sotish rejalari bilan tanishib chiqar ekan, bunday qadam oqibatlari O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirishning butun jarayoni uchun halokatga aylanishi mumkin, degan fikrni bildirdi.

Farg‘onada qiz tushib ketgan attraksion qo‘lbola usulda yasalgan — Kontexnazorat

Rishton tumanidagi “Ar-Roshidoniy“ bog‘idagi 17 yoshli qiz tushib ketgan attraksion qo‘lbola usulda yasalgani, texnik pasporti yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, statik va dinamik sinovlardan o‘tkazilmagan. Jabrlanuvchi esa voqea vaqtida himoya zanjirini o‘z qo‘li bilan bo‘shatib yuborgani aytilmoqda.

Nukus voqealari bo‘yicha sudlanuvchilarning 22 nafardan 16 tasi apellyatsiya berdi

Nukus voqealari bo‘yicha sudlangan 22 nafar sudlanuvchidan 16 nafari sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. Ular orasida fevral oyi boshida tergov izolyatorida vafot etgan Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi sobiq boshlig‘i Polat Shamshetov ham bor.

Samarqand viloyatidagi parranda fabrikasida portlash yuz berdi

Kattaqo‘rg‘on tumanida parranda fabrikasida portlash sodir bo‘ldi. Uning oqibatida ikki kishi jarohat oldi.

Samarqandda fuqaro Tojikistondan O‘zbekistonga 19,8 kg giyohvand moddani olib o‘tmoqchi bo‘ldi

Urgut tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasidan 1997-yilda tug‘ilgan mahalliy fuqaro Tojikistondan 19 kg 799 gr opiy moddasini kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tayotganida ushlandi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

2022-yilda sanoat korxonalaridagi baxtsiz hodisalarning 28 tasi o‘lim bilan tugadi

Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi nazoratidagi korxona va tashkilotlarda 2022-yilda 81 ta baxtsiz hodisa yuz berdi. Shulardan 28 tasida o‘lim holati qayd etildi. Hodisalar 60 foizdan ortiq holatda tashkiliy sabab bilan bog‘liq, deya izoh berildi.

Qoraqalpog‘istonda Cobalt va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida bir kishi vafot etdi

To‘rtko‘l tumanida Cobalt va MAN rusumli avtotransportlar o‘rtasida yo‘l transport hodisasi yuzaga keldi. Oqibatda bir fuqaro vafot etdi. Holat sabab surishtiruv ishlari boshlangan.

Italiya kompaniyalari O‘zbekistonda gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya qilishda ishtirok etadi

“Hududgazta’minot“ kompaniyasi Italiyaning Pietro Fiorentini kompaniyasi bilan O‘zbekiston gaz taqsimlash tizimini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasini amalga oshiradi. Loyiha Italiyaning eksport-kredit agentligi tomonidan 200 mln yevro miqdorida moliyalashtiriladi.

Ayrim qishloq xo‘jaligi texnikalari bojxona to‘lovlari va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi

Prezident qarori bilan 2023-yil 1-apreldan tegishli ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari va agregatlari hamda ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari 2025-yilgacha bojxona to‘lovlaridan va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

O‘zbekistonda ma’muriy islohotlar doirasida davlat muassasalarida ishdan bo‘shatish vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekistonda shtatlarni qisqartirishni ko‘zda tutgan ma’muriy islohotlar doirasida davlat organlarida ishdan bo‘shatish vaqtincha to‘xtatildi.

Aprel oyida ob-havo qanday bo‘ladi?

O‘zbekistonda aprel oyi quruq va iliq havo bilan boshlanadi. Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari +7…+17 daraja, kunduzi +20…+32 daraja atrofida bo‘ladi. Biroq bu oyda kuchli yomg‘irlar va momaqaldiroq ham kuzatilishi mumkin.

“Gazeta.uz“da e’lon qilingan fotojamlanma:

Foto: Hayot haqida hikoya qiluvchi qo‘llar

Qo‘llar insonning mavqei va mashaqqatlaridan hikoya qiladi. Kaftlardagi chizig‘u yoriqlar, dog‘u chandiqlar kishilarning turmushi, kasb-koridan darak beradi. “Gazeta.uz“ fotomuxbiri Madina A’zam mana shunday qo‘llarning “gapiruvchi suratlari“ni bir sahifaga jamladi.