Ayrim lavozimlarni surunkasiga 2 martadan ortiq egallash taqiqlanishi mumkin

Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ayni bir shaxsning surunkasiga 2 muddatdan ortiq ushbu lavozimga saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligiga oid qoida kiritilmoqda. Bu lavozimlarga prezident, Senat raisi, hokimlar, bosh prokuror va boshqalar kiradi.

O‘zbekistonda Senat a’zolari soni 65 tagacha qisqartiriladi

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasida parlamentdagi senatorlar soni 100 tadan 65 taga qisqartirilishi ma’lum qilindi. Bunda har bir hududdan 4 tadan senator saylanadi. Prezident tomonidan tayinlanadigan senatorlar soni esa 16 tadan 9 taga kamaytiriladi.

Toshkentdagi ba’zi do‘kon va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari kassasida kartadan naqd pul yechib olish mumkin bo‘ladi

Tajriba tariqasida Toshkentda vaqtinchalik tartib joriy etiladi, unga ko‘ra, ayrim do‘konlar va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari kassasida kartadan naqd pul yechib olish mumkin bo‘ladi. Birinchi bosqichda loyiha Korzinka supermarketlar tarmog‘ida ishga tushiriladi.

Fevral oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qariyb 2 mlrd dollarga kamaydi

Fevral oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yanvar oyiga nisbatan 1,98 mlrd dollarga pasaydi. Natijada ko‘rsatkich fevral oyiga kelib $33,9 mlrdni tashkil etdi.

King Long kompaniyasi Toshkentga 200 ta 18 metrli avtobusni mart-may oylarida yetkazib beradi

Xitoyning King Long kompaniyasi O‘zbekistonga 200 ta 18 metrli «garmoshkali avtobus»ni mart-may oylarida yetkazib berishi kutilmoqda. Dastlabki partiyani ishlab chiqarish jarayonlari yakunlandi.

Maktablarda bahorgi ta’til 20 martdan boshlanadi

O‘zbekiston maktablarida 18 mart uchinchi chorakning so‘nggi kuni bo‘ladi, to‘rtinchi chorak 27 martdan boshlanadi.

Qo‘yliq metro bekati 8 kunga yopiladi

Toshkent metropolitenining 7-bekati (Qo‘yliq) 11 mart, shanba kunidan keyingi shanba kuniga qadar vaqtincha yopiladi. Yo‘lovchilar uchun 6 va 7-bekat oralig‘ida qo‘shimcha avtobus qo‘yib beriladi.

Aleksandr Nechayev yurak xastaligidan vafot etgan — Bosh prokuratura

Bosh prokuratura Toshkentda o‘lik holda topilgan rossiyalik jurnalist Aleksandr Nechayev «surunkali yurak-o‘pka yetishmovchiligi, yurakning surunkali ishemik kasalligi»dan vafot etganini ma’lum qildi.

Toshkentda fuqaroni AQShga noqonuniy tarzda jo‘natmoqchi bo‘lgan talaba ushlandi

Toshkent shahrida fuqaroni 20 ming dollar evaziga Meksika orqali AQShga yuborishini va’da qilgan Jahon tillari universiteti talabasi va boshqalar qo‘lga olindi.

Jahon banki O‘zbekistondagi yangi quyosh elektr stansiyalaridan energiya sotib olish uchun 12 mln dollar ajratadi

Jahon banki «O‘zbekistonda quyosh energetikasini kengaytirish-2» loyihasi uchun 12 mln dollar ajratadi. Bu ikkita yangi quyosh elektr stansiyasidan (har biri 6 mln dollardan) elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish bo‘yicha bank kafolatlari hisoblanadi.

Andijonda ayol o‘zini yoqib yuborishi oqibatida vafot etdi

Jalaquduq tumanida 23 yoshli ayol ustidan benzin qo‘yib, o‘zini yoqib yubordi. U ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay, tuman tibbiyot birlashmasida vafot etdi. Suiqasd sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlandi.

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda

Mo‘g‘uliston 2023 yilda O‘zbekistonda elchixona ochishni rejalashtirmoqda. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari Baxtiyor Saidov va Batmunx Batsetseg uchrashuvida ushbu masala muhokama qilindi.

Favqulodda vaziyatlardan zarar ko‘rgan xorijdagi 10 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatildi

Yanvar-fevral oylarida favqulodda vaziyatlardan zarar ko‘rgan 10 mingga yaqin O‘zbekiston fuqarosiga 108 ming dollardan ziyod yordam ko‘rsatildi. Uning katta qismi Turkiyadagi zilziladan jabr ko‘rganlarga yo‘naltirildi. Shuningdek, moddiy ahvoli og‘ir 462 nafar fuqaroga ham ko‘maklashildi.

Jurnalist va shoir Akmal Toshev 37 yoshida vafot etdi

Bosh prokuratura uning o‘limi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlanganini ma’lum qildi. U shu paytga qadar «Inson va qonun» gazetasi va «Huquq va burch» jurnali birlashgan tahririyatida bosh mutaxassis vazifasida ishlab kelayotgandi.

Jismoniy shaxslar endi qator xizmatlar xaridida komissiya to‘lamaydi

Jismoniy shaxslardan poyezd, samolyot chiptalari, barcha turdagi kommunal xizmatlar, davlat boji va jarimalar, bolalar bog‘chalari, maktablar va oliy o‘quv yurtlari uchun to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov xizmatlari uchun komissiya undirilmaydi.

Umumxalq xayriya hasharida 5 mingga yaqin oilaning uy-joyi ta’mirlab beriladi

11 mart kuni O‘zbekistonda o‘tkaziladigan umumxalq xayriya hasharida 5 mingga yaqin oilaning uy-joyi ta’mirlab beriladi. Bu ishlarga 1,3 mlrd so‘m sarflanadi. Shuningdek, 7 mingdan ziyod ehtiyojmand oilaga 2 mlrd so‘mdan ko‘proq moddiy yordam ko‘rsatiladi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola va fotoreportaj:

O‘zbekiston tarixidagi ilk kashshof ayollar

Xalqaro xotin-qizlar kuni — ayollarning professional yutuqlarini eslash fursati. «Gazeta.uz» O‘zbekiston tarixida o‘z kasbining kashshoflari bo‘lgan olti nafar ayol haqida hikoya qiladi.

Foto: Bahor darakchilari

O‘zbekistonda — bahor va «har bahorda shu bo‘lar takror»: o‘riklar (va nafaqat o‘riklar) gullagan, yam-yashil o‘tloqlarda momaqaymoqlar sap-sariq bo‘lib bo‘y cho‘zgan, ularning ustida esa qishki uyqudan uyg‘ongan tabiat ramzi o‘laroq xonqizilarni ko‘rasiz. «Gazeta.uz»dan bahoriy fotojamlanma.