Huquqbuzarlikni ilk bor sodir etayotgan tadbirkorga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanmasligi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 1 martdan tadbirkorlar ilk marta huquqbuzarlik sodir etayotgan bo‘lsa, ularga moliyaviy sanksiyalar qo‘llamaslik taklif qilinmoqda. Agar savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalari buzilsa, jinoiy javobgarlik ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tib, bekor qilinishi mumkin.

200 ta davlat xizmati an’anaviy shakldan onlaynga o‘tkazilishi kutilmoqda

Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2023 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, hozirda an’anaviy shaklda taqdim etilayotgan 200 ta davlat xizmati DXMlar hamda YAIDXP orqali ko‘rsatila boshlaydi. Elektr, gaz va suv hisoblagichlarini qiyoslash proaktiv tarzda amalga oshirilishi kutilmoqda.

Gaz va elektr energiya sohasida o‘g‘rilik juda katta — O‘zbekiston prezidenti

Prezident ishtirokidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda gaz va elektr sohasida o‘g‘rilik darajasi juda yuqori ekani aytildi. Shavkat Mirziyoyev energetika nazorati bo‘yicha ikki yil «favqulodda tartibda» ishlash vazifasini qo‘ydi.

Yanvarning 8 kunida budjet taqchilligi 5,5 trln so‘mga yetdi. Bu kutilayotgan yillik defitsitning beshdan biriga teng

Yanvarning 8 kunida davlat budjeti xarajatlari daromaddan 2,3 baravar ortib, defitsit 5,5 trln so‘mga yetdi. Bu 2023 yil uchun defitsit kutilmasining beshdan bir qismidan ko‘proq degani (25,1 trln so‘m). Shundan so‘ng Iqtisodiyot va moliya vazirligi daromad va xarajatlar bo‘yicha ma’lumot berishni to‘xtatdi.

O‘zbekistonga ilk bor noqonuniy dron olib kirganlarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklif etildi

O‘zbekistonga birinchi marta qonunga zid ravishda dron olib kirgan yoki undan foydalanganlarni ma’muriy javobgarlikka tortish taklif qilinmoqda. Amalda esa mazkur huquqbuzarlik uchun faqat jinoiy javobgarlik — 3 yilgacha qamoq jazosi belgilangan.

Qamchiqda qor yog‘ishi, tuman tushishi va kuchli shamol esishi kutilmoqda

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida kutilayotgan sovuqlar fonida qor ko‘chkisi xavfi e’lon qilindi. Qamchiq dovonida 8−9 fevral kunlari qor yog‘ishi, tuman tushishi va kuchli shamol esishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda 2024 yildan tibbiy ma’lumotnomalar elektron shaklda berilishi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlanadi. Bu amaliyot Navoiy, Sirdaryo, Toshkent shahri, Toshkent va Samarqand viloyatlarida 2023 yildan boshlanadi.

O‘zbekistonda chet elliklarni ishga olish tartibi soddalashishi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasida O‘zbekistonda ishlashni istagan chet elliklarni bo‘sh ish o‘rinlariga chaqirishda maqsadga muvofiqlikni o‘rganish tartibini bekor qilish taklif qilinmoqda. Shuningdek, ular chetdan olib kelgan mashinani olib chiqib ketish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa, yig‘im to‘lamasligi ham mumkin.

O‘zbekistondagi barcha boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar bepul ovqat bilan ta’minlanishi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, yangi o‘quv yilidan respublikadagi barcha boshlang‘ich sinflarda o‘quvchilar bepul ovqat bilan ta’minlanishi mumkin. Bu amaliyot dastlab Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida yo‘lga qo‘yilgan.

Kollej va texnikum pedagoglari oyligi maktab o‘qituvchilari maoshiga tenglashtirilishi mumkin

2023 yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, 1 apreldan boshlab professional ta’lim muassasasi (kollej va texnikum) o‘qituvchilarining maoshi maktab o‘qituvchilariniki bilan tenglashtirilishi mumkin.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va ayrim tumanlaridagi eskirgan uylar ta’mirlanadi

Qoraqalpog‘istondagi og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli uylarning tom qismini ta’mirlash (yopish), yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uylarni yangidan qurish ishlarining parametrlari tasdiqlandi. Buyurtmachilarga elektron shaklda taklif bermasdan, eng yaxshi takliflarni aniqlash huquqi beriladi.

Doniyor Mirazimov Respublika neyroxirurgiya markaziga rahbar bo‘ldi

2-sonli Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Doniyor Mirazimov Respublika neyroxirurgiya ilmiy-amaliy markazi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.

Xivadagi tarixiy Bog‘bonli masjidi ta’mirlandi

Xivadagi tarixiy Bog‘bonli masjidini ta’mirlash ishlari yakunlandi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan YUNESKOning «Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va Erondagi Ipak yo‘li merosi yo‘laklari — Yevropa madaniy meros yilining xalqaro o‘lchovi» tashabbusi doirasida amalga oshirildi.

O‘zbekistonda IMEI-kodlarini klonlash uchun javobgarlik belgilanmoqda

O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini noqonuniy klonlash uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik joriy etish rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi Toshkent shahar IIBB.

O‘zbekistonda bir yilda YTHlar sonini kamida 15 foizga kamaytirish reja qilingan — YHXX

O‘zbekistonda 2022 yilda 2021 yilga nisbatan YTHlar soni 1 foizga kamaydi. Ularda halok bo‘lganlar soni 3 foizga kamaygan bo‘lsa, jarohatlanganlar soni 4 foizga oshdi. Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati 2023 yilga borib YTH va o‘limlar sonini 15 foizga kamaytirishni maqsad qilgan.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarani demarkatsiya bo‘yicha muzokaralarni boshladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarani delimitatsiya qilish jarayonini yakunlab, tezda uning demarkatsiyasiga kirishdi. Bu boradagi ikki davlat ishchi guruhlarining birinchi yig‘ilishi allaqachon bo‘lib o‘tgan, keyingisi yaqin kunlarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Turkiyadagi zilzila oqibatida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Turkiyaning Malatya provinsiyasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi zilzila oqibatida halok bo‘ldi. Yana 4 nafar o‘zbekistonlik bedarak yo‘qolgan, ularni qidirish ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonlik sportchilar Turkiyadagi zilzila o‘chog‘idan olib chiqildi

Erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari Turkiyada 6 fevral kuni sodir bo‘lgan zilzila markazlaridan biri — Qahramanmarash viloyatidan olib chiqildi. Ular Anqara-Istanbul-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatga qaytib keladi.

Namangandagi portlash oqibatida 1 kishi vafot etdi

Kosonsoy tumanidagi uyda portlash ro‘y berib, 5 kishi jarohat oldi. Ulardan biri shifoxonada vafot etdi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Toshkent viloyatida 19 yoshli qiz o‘zini osib qo‘ydi

Angren shahrida 19 yoshli qiz xonadonida o‘zini osib qo‘ydi. Uni shahar Milliy gvardiyasida ishlovchi yigit fotosuratlarini tarqatish bilan qo‘rqitgani aytilmoqda. Holat bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlandi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqola:

Shunday kasb bor — dasturxonchi. U tavoze bilan g‘amxo‘rlik va mehmondo‘stlik taklif qiladi

So‘nggi vaqtlarda Toshkentda o‘tadigan osh marosimlarini dasturxonchilarsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Abdusalom aka — to‘y-marosimlarni mehmondo‘stlik hissi bilan to‘ldiruvchi shunday mutaxassislardan biri. «Gazeta.uz» uning nahorgi oshdagi o‘rni nimadan iborat ekani haqida hikoya qiladi.