Shuhrat G‘aniyev prezident maslahatchisiga o‘rinbosar bo‘ldi

Shuhrat G‘aniyev prezidentning iqtisodiyot sohalarini rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo siyosatini amalga oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha bosh vazir o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Toshkent shahri bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov ishdan olindi

Rahmatulloh domla Sayfuddinov o‘z arizasiga binoan Toshkent shahar bosh imom-xatibi vazifasidan ozod etildi. Uning o‘rniga «Abu Saxiy» jome masjidi imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov shahar bosh imom-xatibi vazifasini bajaruvchisi etib tayinlandi.

O‘zbekiston muftiysiga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi

O‘zbekiston musulmonlar idorasi raisiga yangi o‘rinbosarlar etib Jaloliddin Hamroqulov va Uyg‘un G‘ofurov hamda Toshkent islom institutiga yangi rektor etib Muhammadolim Muhammadsiddiqov tayinlandi.

O‘zbekistonda 2022 yilning eng qimmat avtoraqami 348 mln so‘mga sotib olindi

2022 yilda onlayn-auksionlar orqali umumiy qiymati 304 mln so‘mdan ortiq bo‘lgan qariyb 120 mingta avtomobil davlat raqamlari xarid qilindi. Eng qimmat raqam avtomobil egasiga 348 mln so‘m, eng arzoni 494 ming so‘mga tushgan.

Sirdaryoda «Dok-1 Maks» siropi 7 nafar bolaga nojo‘ya ta’sir qilgani ma’lum bo‘ldi

Sirdaryo viloyati SSV rahbari o‘rinbosari «Dok-1 Maks» dori vositasi 7 nafar bemor bolaga nojo‘ya ta’sir qilganini ma’lum qildi. Hozirda ulardan 4 nafari sog‘ayib chiqqan, 3 nafari esa jonlantirish bo‘limida davo-muolajalarini davom ettirmoqda.

Dekabr oyida kelgan «Dok-1 Maks» dorilari Davlat bojxona qo‘mitasi omborlarida saqlanmoqda

O‘zbekistondagi bojxona omborlarida dekabr oyida kelgan «Dok-1 Maks» preparatining uchta partiyasi (taxminan 60 ming quti) va undan oldin kelgan ikki partiyasi saqlanmoqda. Mamlakatda uning ta’sirida vafot etgan 20 ga yaqin bola voqeasidan keyin dori-darmonlarni sotish taqiqlandi.

O‘zbekistonda «Xonadon dori qutisi» nazoratdan o‘tkaziladi

SSVga ko‘ra, «Dok-1 Maks» dorisidan bolalarning ommaviy o‘limi kuzatilganidan so‘ng uyma-uy yurgan holda «Xonadon dori qutisi» nazoratdan o‘tkaziladi. Quramax Medical kompaniyasining barcha dori vositalarini qabul qilmaslik va iste’moldan chiqarish yuzasidan zarur choralar ko‘riladi.

Angren IES ishonchli boshqaruvdan chiqarildi. Uch yil davomida u ko‘p mlrd so‘mlik zarar ko‘rdi

Vazirlar Mahkamasi Angren issiqlik elektr stansiyasini ishonchli boshqaruvdan chiqardi. 2019 yildan beri IES hukumatning yopiq qarori asosida Central Asia Energy kompaniyasi tomonidan boshqarilayotgan edi. Uch yil davomida stansiya ko‘p mlrd so‘mlik zarar ko‘rdi, vaholanki avval u foyda keltiruvchi korxona bo‘lgan.

Qashqadaryoda tanishi tomonidan kaltaklangan ayol shifoxonada vafot etdi

Shahrisabz tumanida erkak tanishi tomonidan kaltaklangan ayol tuman shifoxonasida vafot etdi. Gumonlanuvchi hibsga olindi. Unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

«O‘zgidromet» 6 ta viloyatda qor ko‘chish xavfini e’lon qildi

O‘zbekistonning 6 ta viloyatida 5−10 yanvar kunlari kutilayotgan vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik hamda havo haroratidagi o‘zgarishlar sababli qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan telefon orqali gaplashdi

Muloqotda ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, tovar ayirboshlash hajmini oshirish, turli sohalarda, jumladan, energetika sohasida manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etildi.

Samarqandda AUDI urib ketishi oqibatida ikki piyoda vafot etdi

Samarqand tumanida AUDI ikki nafar piyodani urib ketdi. Oqibatda ularning ikkisi ham vafot etdi. Gumonlanuvchi hibsga olindi.

UzAuto Motors shartnoma tuzish va avtomobillar topshirishni vaqtincha to‘xtatdi

UzAuto Motors hisob dasturiy ta’minotini amalga oshirish munosabati bilan shartnoma tuzish, avtomobillarni topshirish va to‘lovlarni qabul qilishni vaqtincha to‘xtatdi. Kompaniya jarayon 4−5 kundan ortiq davom etmasligini ma’lum qildi.

Og‘ir atletikachi Doston Yoqubov Qatarda 3 ta oltin medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik og‘ir atletikachi Doston Yoqubov Qatardagi xalqaro musobaqada uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi.

SSV tizimida yana bir bor «Korrupsiyaga qarshi kurash yili» e’lon qilindi

Dekabr so‘ngida sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan Amrillo Inoyatov tizimda 2023 yilni Korrupsiyaga qarshi kurash yili deb e’lon qildi. «Ishonch telefoni sifatida o‘zimning shaxsiy raqamimni ham kiritaman», — dedi u. Vazirlik tizimida 2020 yil ham korrupsiyaga qarshi keskin kurash yili bo‘lgandi.

Qashqadaryoda Nexia urib yuborgan 4 kishi vafot etdi

Yakkabog‘ tumanida Nexia-2 avtomashinasi 4 piyodani urib yubordi. Ulardan 3 nafari voqea joyida, 1 nafari shifoxonada vafot etdi. Haydovchi tegishli tartibda ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Namanganda kanalga tushib ketgan Nexia-2 olib chiqildi

Chortoq tumanida boshqaruvni yo‘qotib, kanalga tushib ketgan Nexia-2 FVV qutqaruvchilari tomonidan olib chiqildi. Mashina salonida ikki kishi bo‘lgan.

Xalqaro qidiruvda bo‘lgan ayol Kuala-Lumpurdan Toshkentga ekstraditsiya qilindi

Odam savdosi jinoyati bo‘yicha gumonlanayotgan ayol Kuala-Lumpurdan Toshkentga ekstraditsiya qilindi. Uni qo‘lga olish Toshkent Interpol va Kuala-Lumpur Milliy markaziy byurolarining hamkorligida amalga oshirildi.

O‘zbek-tojik chegarasi yaqinida 26 kg narkotik modda qoldirib ketildi

Bulung‘ur tumani hududidan o‘tuvchi o‘zbek-tojik davlat chegarasi yaqinida noma’lum shaxslar tomonidan 26 kg narkotik modda qoldirib ketildi. Giyohvandlik vositalari protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Samarqandda 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi

Ishtixon tumanida tadbirkor 2,3 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Iste’molchi foydalanilgan elektr energiyasi miqdorini sun’iy ravishda buzib (pasaytirib) ko‘rsatib kelgan.

2 mlndan ortiq haydovchilik guvohnomasi haligacha yangisiga almashtirilmagan — IIV

Eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni yangisiga almashtirish muddati (berilgan vaqtiga qarab) 2023 yilda yakunlanadi. Hozirgacha 2 mlndan ortiq «prava», 557 mingdan ortiq «texpasport»lar yangisiga almashtirilmagan. IIV haydovchilarni e’tiborsiz bo‘lmaslikka chaqirdi.

Toshkent viloyatida noqonuniy faoliyat yuritgan «zapravka» mas’ullariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi ishchi guruh Yangiyo‘l tumanida tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotgan «zapravka»ni aniqladi. Holat bo‘yicha AGTKSH va «O‘ztransgaz» hududiy boshqarmasi mas’ullariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Buxorodagi o‘quv markazi yerto‘lasida portlash yuz berdi

Buxoro shahri Mustaqillik ko‘chasida joylashgan o‘quv markazi yerto‘lasida portlash sodir bo‘ldi. 3 dona eshik va rom joyidan siljigan va 70 kv.m maydonda tom qismi plastik qoplamasi zararlangan. Jarohat olganlar yo‘q.

Qamchiq dovonida qolib ketgan fuqarolar evakuatsiya qilindi (yangilandi)

Qamchiq dovoni qor ko‘chkisi xavfi yuzaga kelgani sababli yopildi. Hududda qolib ketgan yo‘lovchilarga maxsus reys orqali poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi va isinish maskanlari tashkil etildi.