SSV koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan xavotir bildirdi

Seshanba kuni O‘zbekistonda 604 ta yangi koronavirus infeksiyasi aniqlangan va 4 kishi vafot etgan. Bunday ko‘rsatkich oxirgi marta sentabr oyida qayd etilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi vaziyat xavotirli bo‘lib borayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston mahallalarida 9 mingdan ortiq hokim yordamchilari ish boshladi

10 yanvardan O‘zbekistonning barcha hududlarida 9311 nafar hokim yordamchilari o‘z faoliyatini boshladi. Eng ko‘p hokim yordamchilari Samarqand (1120), Farg‘ona (1055) va Toshkent viloyatlarida (1014) tayinlangan. Hokim yordamchilarining hududlar bo‘yicha taqsimoti.

«Yangi O‘zbekiston» bog‘i ma’muriyati «Istiqlol» monumentidagi gipslarning ko‘chishi bo‘yicha izoh berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Yangi O‘zbekiston» bog‘idagi «Istiqlol» monumentining gips qismlariga zarar yetgani aks etgan suratlar tarqaldi. Bog‘ rahbariyati gipsli parchalar ikki oy ichida bronzaga almashtirilishini ma’lum qildi.

Yer uchastkalarini olib qo‘yish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi

Hukumat qarori bilan Yer uchastkalari olib qo‘yilishi va olib qo‘yilayotgan yer uchastkasida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari mulkdorlariga kompensatsiya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Endilikda bitta mulkdor qarshi bo‘lgan taqdirda ham yer uchastkasida investitsiya loyihasini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bundan tashqari, investorlar kelisha olmagan mulkdorlardan ko‘chmas mulkni majburiy sotib olish to‘g‘risidagi da’vo bilan sudga murojaat etish huquqidan mahrum qilindi.

Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlaganlar OTMlarga suhbat asosida qabul qilinishi mumkin

2021/2022 o‘quv yilidan texnikumlarni «a’lo» va «yaxshi» baholarga tugatganlar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz OTMlarning 2-bosqichiga to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinishi mumkin. Ushbu tartib bitiruvchi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yilgacha amal qiladi.

Angrendagi soydan muzlab qolgan 70 yoshli erkakning jasadi topildi

Angren IESga qarashli dam olish maskani hududidan oqib o‘tuvchi soydan dam olish maqsadida kelgan 70 yoshli erkakning muzlab qolgan jasadi topildi. Angren shahar prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Aeroportlarda yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tizimi joriy etilmoqda

O‘zbekistondagi aeroportlarda yo‘lovchilar va bagajni ro‘yxatga olishning yangi tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Birinchi bo‘lib Namangan aeroporti mazkur tizimni joriy etishni boshladi.

Endi yer maydonini noqonuniy olib qo‘yishga oid ishlarni Biznes-ombudsman ko‘rib chiqadi

Hozirga qadar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilgan 9 turdagi ma’muriy ish, shu jumladan yer uchastkasini noqonuniy olib qo‘yish, xususiy mulk huquqini buzish, tadbirkorlar faoliyatini tekshirish endilikda Biznes-ombudsman, uning o‘rinbosarlari va vakil devoni bosh inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Farg‘onada 7 kishi My Turon mobil ilovasidagi xatolikdan foydalanib, qariyb 700 mln so‘mni o‘zlashtirdi

Farg‘ona viloyatida 7 kishi «Turonbank»ning My Turon mobil ilovasidagi xatolikdan foydalanib, qariyb 700 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi. Ularning 5 nafari 3,5 yildan 5,5 yilgacha muddatga qamaldi.

Emlanmagan xodimlar masofadan ishlaydi — Anvar Alimov

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Anvar Alimov 15 yanvardan tashkilotlarning emlanmagan ishchilari masofaviy ishlashga yuborilishini ma’lum qildi. «Keyingi besh kun ichida ishchilari vaksinaning birinchi dozasini olgan muassasalar avvalgidek ishlashda davom etishlari mumkin», — deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.

Toshkent kimyo-texnologiya instituti «super-kontrakt»dan voz kechishni rejalashtirmoqda

Toshkent kimyo-texnologiya instituti kelgusi o‘quv yilidan «super kontrakt» dan voz kechishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, o‘quv yili 3 semestrli bo‘lishi mumkin. Bunda iqtidorli talabalar bakalavr bosqichini 4 yilda emas, 3,5 yilda bitirishi mumkinligi aytilmoqda.

Jihod g‘oyalarini targ‘ib qilganlikda gumonlanayotgan o‘zbekistonlik Rossiyada qo‘lga olindi

DXX va Rossiya huquq-tartibot idoralari xodimlari hamkorlikda «Tavhid va jihod katibasi» terroristik guruhida ishtirok etish va jihod g‘oyalarini tarqatishda gumon qilingan O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi. U O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan, unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilmoqda.

Abdulla Aripov Qozog‘istonning yangi bosh vazirini tabrikladi

zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Alixan Smailovni Qozog‘istonning yangi bosh vaziri etib tayinlangani bilan tabrikladi. Alixan Smailov esa Qozog‘iston qardosh O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirishda sodiq qolishini ma’lum qildi.

O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi va yarim himoyachisida koronavirus aniqlandi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanets Sloveniyada koronavirusga chalindi. Shu sababli, u Dubayda bo‘lib o‘tadigan yig‘inda qatnasha olmaydi, uning o‘rniga yordamchi murabbiylar mashg‘ulot o‘tkazadi. Qolaversa, jamoa yarim himoyachisi Hojimat Erkinovda ham COVID-19 aniqlanib, karantinga olingan.

NKMKning 2021 yildagi sof foydasi 11,3 trln so‘mni tashkil qildi

«Navoiy kon-metallurgiya kombinati»ning 2021 yildagi sof foydasi 12,7 foizga o‘sib, 11,3 trln so‘mni, ishlab chiqarish hajmi esa 54,25 trln so‘mni tashkil etdi.

2022 yilda quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 10 ta bitim imzolanadi — Energetika vazirligi

2022 yilda viloyatlarda umumiy quvvati 1900 MVt bo‘lgan 8 ta quyosh fotoelektr stansiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa 1700 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyiha bitimlari imzolanadi. Joriy yilning I choragida Samarqand viloyatida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Jizzaxda qalbaki diplom savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi

Jizzax viloyatining Paxtakor tumanida 400 dollar evaziga qalbaki diplom savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Ular orasida maktab direktorlari ham bor.

2021 yilda jami 9,8 trln so‘mga yaqin ipoteka kreditlari ajratilgan

2021 yilda tijorat banklari tomonidan 59,5 mingdan ziyod fuqaroga qariyb 9,8 trln so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Oxirgi 5 yilda esa aholiga jami 35,6 trln so‘m miqdorida shu turdagi kreditlar berilgan. Shuningdek, ipoteka kreditlari qoldig‘i 35,8 trln so‘mga yetgan.

Toshkentda radar o‘rnatish mumkin bo‘lgan 69 ta hudud auksionda 20,99 mlrd so‘mga sotildi

Toshkentdagi radar va kameralar o‘rnatish mumkin bo‘lgan 69 ta obyekt onlayn auksionda sotildi. Boshlang‘ich bahosi 306,45 mln so‘m bo‘lgan obyektlarning umumiy narxi 68,5 barobarga oshib, 20,99 mlrd so‘mga yetgan. Eng qimmat hudud 750,06 mln so‘m — boshlang‘ich qiymatidan 277,8 barobar qimmatga sotildi.

«Tolibon» samolyotlar qaytarilmasligining oqibatlaridan ogohlantirdi

«Tolibon» O‘zbekiston va Tojikiston rasmiylarini ushbu davlatlarga olib ketilgan afg‘on samolyotlari va vertolyotlarini qaytarishga chaqirdi. Afg‘oniston muvaqqat hukumati mudofaa vaziri v. b. Muhammad Yoqubning aytishicha, agar davlatlar buni qilmasa, «ularni buning oqibatlari kutmoqda».