«O‘zbekiston temir yo‘llari» 899 mln so‘mlik qurilish materiallari talon-toroj qilinganini rad etdi

«O‘zbekiston temir yo‘llari» yer usti metrosi qurilishida byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani haqidagi xabarlarni rad etdi. Kompaniyaning aniqlik kiritishicha, noma’lum shaxslar 899 mln so‘mlik kabel mahsulotlarini o‘g‘rilagan. Avvalroq transport prokurori Ma’rufjon Xodjayev transport prokurori Ma’rufjon Xo‘jayev xuddi shuncha miqdordagi talon-torojliklar haqida ma’lum qilgan edi.

Talabalar uchun Prezident granti joriy etildi

2021−2022 o‘quv yilidan OTMga kirish imtihonida eng yuqori ball to‘plagan 200 nafar abiuturiyent uchun prezident granti joriy etildi. Grant sohiblari davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. O‘qish davomida grantni olish uchun barcha fanlardan «a’lo» baho olish kerak bo‘ladi. O‘qish yakuniga qadar Prezident grantini olganlar magistraturaga imtihonlarsiz davlat granti asosida qabul qilinadi.

Davlat xizmatchilari daromadlari deklaratsiyasi 1 yanvardan joriy etiladi

2022 yil 1 yanvardan davlat xizmatchilari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish tizimi joriy etiladi. Ularga xorijda bank hisobraqamlarini ochish taqiqlanadi. Manfaatlar to‘qnashuvini oshkor qilish va oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganlik uchun javobgarlik joriy qilinadi.

Bir qator davlat idoralari rahbariyatida o‘zgarishlar yuz berdi

O‘zbekistonning bir qator davlat organlari rahbarlari o‘rinbosarlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Korrupsiyada aybdor deb topilganlar ochiq elektron reyestriga kiritiladi

Prezident farmoni bilan korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilganlarning ochiq elektron reyestri yuritilishi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu ro‘yxatga kiritilganlar davlat xizmatiga qabul qilinishi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanishi, tadbirkorligi davlat xaridlarida ishtirokchi (ijrochi) sifatida qatnashishi taqiqlanadi.

Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev koronavirusga qarshi emlandi

7 iyul kuni Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev ham koronavirusga qarshi emlandi.

Davlat organi xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi

Prezident qarori bilan 2021 yil 1 sentyabrdan davlat organlari va tashkilotlari xodimlari onlayn ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi. Barcha davlat tashkilotlari, viloyat hokimliklarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 1 avgystdan davlat xaridlari sohasidagi tenderlar natijalari ochiq e’lon qilinadi.

Samarqand xalqaro aeroportiga yangi direktor tayinlandi

Saydullo To‘xtasinov Samarqand xalqaro aeroportining yangi direktori etib tayinlandi. Shu bilan birga u Andijon xalqaro aeroporti direktori vazifasida faoliyat yuritadi.

«Hidoyat sari» ilmiy-ma’rifiy telekanali ish boshladi

MTRK raqamli platformasida internet orqali efirga uzatiladigan «Hidoyat sari» ilmiy-ma’rifiy telekanali ishga tushirildi. Telekanalda «diniy ilmiy ekspertizadan o‘tgan, turli talqinga o‘rin bermaydigan darajada ishonchli ma’lumotlarga asoslangan» ko‘rsatuvlar va suhbatlar namoyish etiladi.

Toshkent elektr ta’minotidagi nosozlik sabab 3 ta metro bekatida svet o‘chdi

7 iyul kuni Toshkent shahar elektor taminoti tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli metropolitenining «Chilonzor», «Yunusobod», «O‘zbekiston» yo‘nalishlaridagi bekatlarida svet o‘chdi. Ma’lum qilinishicha, bu holatda poyezdlar harakati to‘xtamagan.

Navoiy IESda gaz sizib chiqishi tufayli elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilishi mumkin

Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi quvurida gaz sizib chiqdi. Nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz bajarish uchun gaz ta’minoti to‘xtatilmoqda. «Shu sababli respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin», — deya ma’lum qildi Energetika vazirligi.

Komil Allamjonov — Saida Mirziyoyeva va Gulnora Karimovani taqqoslash haqida fikr bildirdi

Komil Allamjonov Saida Mirziyoyevaning ba’zi tashabbuslarini Gulnora Karimovaning g‘oyalari va loyihalari bilan taqqoslash haqida fikr bildirdi. «U paytdagi xatolar bizga ko‘proq bu yo‘lda xato qilishimizga yoki ularning qilgan xatoliklari bizga bir ko‘rgazma, aslida. Biz shu xatolarni qilsak, loyihalarni shunday xatolik bilan qilsak qanday oqibatlarga olib kelishini ko‘rganmiz. Bu bizga saboq», — deya qo‘shimcha qiladi u.

Moody’s O‘zbekiston kredit reytingini «V1» darajasida saqlab qoldi, biroq prognozini oshirdi

Moody’s agentligi O‘zbekistonning kredit reytingini «B1» darajasida saqlab qoldi, biroq «barqaror» prognozini «ijobiy»ga o‘zgartirdi. Bunga mamlakatning institutsional salohiyati yaxshilangani va davlat siyosati samaradorligi ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Maktabgacha ta’lim vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Nodir Muslitdinov maktabgacha ta’lim vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi.

Tanzila Narbayeva koronavirusga qarshi emlandi

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva may-iyun oylarida koronavirusga qarshi Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasi bilan emlangan.

«Gazeta.uz»da chiqqan maqolalar:

Vaksinalar haqidagi keng tarqalgan feyk xabarlar va noto‘g‘ri farazlar

Koronavirus pandemiyasi boshlangandan buyon ushbu kasallik to‘g‘risida ham, unga qarshi ishlab chiqarilgan vaksina haqida ham turli xil uydirma va ilmiy asosga ega bo‘lmagan yolg‘on xabar va ma’lumotlar tarqalib kelmoqda. «Vaksina bilan birgalikda odamlarga kuzatuv mikrochiplari joylashtirilishi», «kasallikdan tuzalgandan so‘ng emlanish shart emasligi», shular jumlasidan. Vaksina haqidagi eng mashhur feyklar va noto‘g‘ri farazlar haqida «Gazeta.uz» maqolasida.

Buzilishini kutayotgan mahalla Nodira Sulaymonova obyektivida

Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida 5 yildan buyon buzilishini kutib yashayotgan mahalla hikoyasi Nodira Sulaymonova fotosuratlarida.