Toshkent shahri Chilonzor tumanida daraxt qulashi oqibatida 1 yoshli qiz vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov.

Qayd etilishicha, ish Jinoyat kodeksining 186-moddasi 3-qismi (Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish, 5 yildan 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bo‘yicha ochilgan.

Tekshirishda suv quvurlarini ta’mirlash ishlarini amalga oshirayotgan ishchilar xavfsizlik choralariga rioya qilmasdan, maxsus texnika yordamida qazish ishlarini olib borishlari oqibatida bir tup daraxtning ildizi ochilgani va o‘z vaznini ko‘tara olmay, yiqilgani aniqlangan, deyiladi xabarda.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hodisa haqida nimalar ma’lum?

Kun.uz hodisa nashrining yozishicha, daraxt qulashiga Veolia Energy Tashkent issiqlik yetkazib berish kompaniyasi xodimlari va boshqa mas’ul idoralarning mas’uliyatsizligi sabab bo‘lgan.

daraxt qulashi, jinoyat ishi

daraxt qulashi, jinoyat ishi

O‘sha yerdagi chiqindixona xodimining aytishicha, daraxt qulagan vaqtda bola va ayolning ustiga kattagina shox kelib tushgan.

daraxt qulashi, jinoyat ishi

“Men [chiqindixonada] ishlayotgandim, qarsillagan tovush eshitildi. Qarasam, bir ayol “kolyaska”da bolachasi bilan narigi betdan kelayotgan ekan. Men ko‘rgandim kelayotganini, qarsillagan vaqtda ko‘rsam, daraxt qulabdi. Bitta novdachasi kelib enagasi bilan bolaga tushdi. Ayolning yelka va qo‘lini siyirib [shilib], bolaning boshiga tushdi. Bolaning yuzi ko‘m-ko‘k bo‘lib qoldi. Tez yordam kelguncha bola tipirchilab o‘lib qoldi. Bolaning onasini telefon qilib chaqirishdi, yoshgina qiz ishdan yetib keldi”, — degan voqea guvohi.

Daraxtning qulashi oqibatida hududda yashovchi fuqarolardan birining avtomobiliga ham zarar yetgani ma’lum qilindi.

daraxt qulashi, jinoyat ishi

5 kun oldin qazib ketishgandi. Ish boshlashdan oldin qilish kerak edi-ku hamma ishni. Daraxt yaxshi turgandi, ekskavator kovlagandan keyin ildizi bilan ag‘anab tushgan”, — deydi avtomobiliga zarar yetgan fuqaro.

daraxt qulashi, jinoyat ishi

Issiqlik tizimini ta’mirlamoqchi bo‘lishgan, suv oqqan, shuni tuzatmoqchi bo‘lishgan. Kelsam shu holat, bir narsa deya olmayman, men ham shokdaman. Toshkent shahri ekologiya boshqarmasiga qurigan daraxtlarni kesish bo‘yicha so‘rov yuborilgan. Mahalla „obod mahalla“ dasturiga tushgan, har bir qurigan daraxt bo‘yicha so‘rov berilgan. Navbat-navbat bilan kesib, tayyorlab kelishgan edi”, — dedi “Texno hudud” BSK rahbari Alimardon Valijonov.

Toshkent shahri botanika bog‘i bo‘lim boshlig‘i Atirgul Xolmirzayevaning aytishicha, qulab tushgan daraxtning yoshi juda katta bo‘lib, u ildiz qismidan chirib bo‘lgan, yuqori shoxlari esa qurib ketgan.

daraxt qulashi, jinoyat ishi

“Bu daraxtning biologik yoshi tugagan, oxirgi yillarini yashayotgan bo‘lgan. Birinchidan, buning tagi issiq suv, parlanib yotganini ko‘ryapsizmi? Bu par qayerga boradi, daraxtga boradi. O‘zi tamom bo‘lib turgan daraxtni battar chiritib yuborgan. Uning taglarida ushlab turadigan ildizi yo‘q. Ildizlari chirigan, tagi yumshatilganidan keyin og‘irlik shoxlari tomon qulagan. Ildizi ushlamaganidan keyin qayer og‘ir bo‘lsa, o‘sha yerga qarab egilib ketgan”, — deydi Xolmirzayeva.

“Bularda ham ayb bor, shu jarayonni amalga oshirayotganda bu yerga odam kelmasligi uchun atrofiga muhofazalovchi narsalarni qo‘yishi kerak edi. Yoki shu yerda yashovchi odamlardan qo‘yib, bu yerda yurmasligini ta’minlashi kerak edi. Shaharda bunaqangi yoshi katta daraxtlar juda ko‘p. Shuning uchun Ekologiya [vazirligi] ekspert komissiya qiladimi, boshqa qiladimi, botanika bog‘i, o‘rmon xo‘jaligidan vakillar bilan yurib, shu daraxtlarning hammasiga xulosa berishi kerak. Bo‘lmasa, bunday holatlar bo‘laveradi”, — deya ta’kidladi mutaxassis.

Tahririyatning qo‘shimcha qilishicha, qulagan daraxtning yonini qazish uchun tegishli tashkilotlardan ruxsat ham olinmagan bo‘lishi mumkin.