29-aprel kuni Toshkent viloyatidagi Sirdaryo daryosi qirg‘og‘ida ekologiya inspektorlariga hujum qilgan 2 brakoner qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, daryoning Oqqo‘rg‘on tumani “Eltamg‘ali” MFYdan oqib o‘tuvchi qismida 2 nafar fuqaro tomonidan motorli qayiq va to‘r yordamida noqonuniy ravishda baliq ovlanayotgani aniqlangan.

O‘sha paytda ikki inspektor brakonerlardan ov qilishni to‘xtatishni so‘raganida ular inspektorlarga qayiq eshkaklari bilan hujum qilib, ularni urib suvga yiqitgan va voqea joyidan qochgan. Shuningdek, brakonerlar rezina qayiqlarni yoqib yuborgan.

Oqqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan 2-may kuni yuqoridagi 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi.

Bu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.