Xodimlarni shtat qisqarishidan ogohlantirgan Adliya vazirligi, karantin vaqtida hisoblanmagan pensiyalarni to‘liq to‘lab berilishi, qilichbozlik bo‘yicha ilk o‘zbekistonlik jahon chempioni, Oksana Chusovitinadan yana yangi sovrin, hafta issiq bo‘lishi kutilayotgani, QR-kodli chek uchun Surxondaryoda «samosud» qilingan jurnalist va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 4 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Termizda Kun.uz muxbiri va «Zakovat» bilimdoni Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun «samosud» qilindi. Dorixona egasi va sotuvchisi unga «qonunni Toshkentga borib talab qilishini» aytib, jismoniy kuch ishlatgani va haqorat qilgani aytilmoqda. Dorixona egasi, sotuvchi, xattoki jurnalistning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
Toshkentning ikkita tumanida xarid cheki berilmaganligi uchun do‘konning QR-kodini skaner qilib, «Soliq» mobil ilovasi orqali murojaat yo‘llagan xaridorlar tadbirkorlar tomonidan «samosud» qilindi. Toshkent shahar IIBB huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyatining Parkent tumanida joylashgan soyda cho‘milayotgan ayol boshqa bir ayol tomonidan kaltaklandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida bir necha taksi haydovchilari qoidabuzarliklarni suratga olgan 2 nafar fuqaroni kaltaklashdi. Taksichilar ularning suratga olgan telefonini tortib olishgan va Spark avtomashinasiga moddiy zarar yetkazgan.
Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani «Oqdarband» qishlog‘i hududida to‘rt ayol ulardan birining oilali o‘g‘li bilan yashab kelayotgan boshqa bir ayolning kiyimlarini yirtib, qaychi bilan sochlarini kesib «samosud» uyushtirgan edi. Ularga jazo tayinlandi.
Bosh prokuratura Xotin-qizlar va bolalar huquqlarining kafolatlarini ta’minlashga oid prezident qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda qasddan odam o‘ldirganlik uchun javobgarlikka tortish yoshini 13 yoshdan 14 yoshgacha uzaytirish taklif etilyapti. Bundan tashqari, Jinoyat kodeksiga samosud jinoyatiga oid normani kiritish, 128-, 129-moddalari sanksiyalarini oshirish maqsad qilingan.
Xorazmda bir guruh ayollar boshqa bir ayolning qizligini tekshirish maqsadida yechintirib, jarayonni videoga olishdi. «Samosud» ishtirokchilarining shaxsi aniqlanib, hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi.
Tergov departamenti ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan «Surxondaryoda bir guruh sport maktabi tarbiyalanuvchilari „samosud“ uyushtirib, katta janjal keltirib chiqardi» nomi ostida tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi. «Samosud» uyushtirganlarga «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
IIV huzuridagi Tergov departamenti fuqaroni arqon bilan bog‘lagan holda traktor tirkamasida majburiy ravishda olib ketayotganligi aks etgan, Navoiydagi «samosud» videosi haqida ma’lumot berdi.
Qo`shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro`yxatdan o`ting