2020 yilning 9 iyunida Xorazm viloyati Ko‘shko‘pir tumanida «samosud» uyushtirgan to‘rt nafar ayolga nisbatan sud jarayoni yakuniga yetib, hukm o‘qildi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

O‘shanda tungi soat 22:40da D.K., D.O., D.R. va R.N. «Oqdarband» qishlog‘i hududida jabrlanuvchini (O.H) D.K ning o‘g‘lining oilasini buzganlikda ayblagan edi.

Jumladan, ular D.K.ning o‘g‘lining uch nafar farzandi yetim qolayotganlikda ayblab janjallashib, O.H ni urib do‘pposlagan. Jabrlanuvchi ayolning kiyimlarini yirtib, qo‘llaridagi tayoq bilan tanasining turli joylariga urib, qaychi bilan sochlarini kesib tashlagan.

Mazkur holat Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b,g» bandlari (bezorilik) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov harakatlari davomida aniqlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tumani sudining hukmiga ko‘ra, D.K., D.O., R.N.ga 1 yil 6 (olti) oy va D.R ga 1 (bir) yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bunda jabrlanuvchi O.H ning ularga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligi inobatga olingan.

Eslatib o‘tamiz, ushbu holat aks etgan videoyozuv ijtimoiy tarmoqlarda tarqab, jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan edi.