Musulmonlar idorasi Toshkentning Uchtepa tumanidagi «Aziz ota» jome masjidi imom noibi Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoq orqali keskin chiqishi yuzasidan munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, tegishli hujjatlarda tizimda faoliyat yurituvchi xodimlarga ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarida diniy adovat qo‘zg‘atuvchi axborot tarqatmaslik, noxolis va salbiy mazmundagi keskin munozaralarga sabab bo‘luvchi chiqishlar qilmaslik talablari belgilab qo‘yilgan.

«Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoq orqali imomlik maqomi va amaldagi qonun-qoidalarga e’tibor qilmay, go‘yoki Islom dini „samosud“ qilishga chaqirishi to‘g‘risidagi qarashlari esa aslida dinimiz ta’limotiga zid va voqelikka nisbatan Musulmonlari idorasi munosabatini ifoda etmaydi», — deyiladi munosabatda.

Diniy idora fuqarolarni amaldagi qonunlarga zid ravishda zo‘ravonlikka chaqiruvchi har qanday chiqishlarni qat’iy qoralashini ma’lum qildi.

Shuningdek, imom xatib va noib imomlarni qonunchilik talablariga chuqur hurmat bilan munosabatda bo‘lishga va to‘la rioya etishga chaqirdi.

Vohidov Mirsobitning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishi Musulmonlar idorasi huzuridagi Odob-axloq komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqildi hamda tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xususan, idoraning 19 sentabrdagi buyrug‘i bilan Vohidov Mirsobit bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi hamda uni egallab turgan vazifasidan ozod etildi.

Bundan tashqari, barcha imom-xatib va imom noiblarga yuqoridagi hujjatlar talablariga qat’iy amal qilish bo‘yicha ko‘rsatma xati joylardagi vakilliklarga yo‘llandi.