Surxondaryo viloyati Termiz shahrida Kun.uz muxbiri va «Zakovat» bilimdoni Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun «samosud» qilindi.

U o‘zining Facebook`dagi sahifasida yozishicha, Navro‘z arafasida ta’tilni ota-onasi, qarindoshlari bilan birga o‘tkazish uchun Termizga borgan.

18 mart kuni soat 17:30 larda Termiz shahridagi dorixonaga kirib, xarid yakunida sotuvchi qizdan chek talab qilgan. Sotuvchi qiz esa plastik kartaga olingan mahsulotlar uchun nazorat-kassa mashinasining cheki berilmasligi, bunday xarid uchun faqat terminal cheki berilishini bildirgan.

«Shundan so‘ng, „soliqqa telefon qilib, so‘rab ko‘raymi?“ dedim. Bu gapimdan qo‘rqib, chek beradi deb o‘ylagandim. Lekin u „bemalol“ deb javob berdi. Do‘kon tashqarisiga chiqib, soliq xizmatining ishonch raqamini qidira boshladim. Niyatim — ishonch raqamidagi xodimga vaziyatni tushuntirib, uni sotuvchi qiz bilan gaplashtirib, uning harakati noto‘g‘ri ekanini tushuntirish edi. Lekin shunda ham ishonch raqamidagi xodimga vaziyat qaysi dorixonada bo‘layotganini aytmoqchi emasdim», — deya so‘zlab berdi jurnalist.

Shundan so‘ng, u soliq xizmatining ishonch raqamini qidirib turgan vaqtida dorixona sotuvchisi (yigit) uni dorixonaga olib kirgan va boshqa mijozlar oldida yuziga musht tushirgan. «Hali soliqqa aytmoqchi edingmi, deb kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kdi. So‘ng dorixonadagilarga „Shu kozyol bizni jarimaga tushirib yurgan ekan. Mana ushladik“, deya tantanali e’lon qildi. XXI asrda mijozga nisbatan qilinayotgan bunday munosabatdan shokda edim», — deb yozdi Abbos Salaydinov.

Shundan so‘ng, ularga qarshilik qilishiga qaramay, jurnalistni dorixona egasi va xodimlari dorilar saqlanadigan omborga olib kirishgan. Dorixona eshiklari esa ichkaridan yopib qo‘yilgan.

«Kuch ishlatib, omborxona ichkarisiga olib kirishdi. Dorixona egasi dorixona sotuvchilari kuzatuvida meni „iflos, kozyol“ deya haqorat qilib, tinimsiz do‘pposladi. Iz qoldirmaslik uchun yuzimga urmay, ko‘kragimga, yelkamga, kuragimga jami o‘ndan oshiq musht tushirdi. Kuch ishlatib charchagandan so‘ng so‘roq qilishga tushdi. Kimligimni, qayerda ishlashimni, qayerda yashashimni, dorixonaga nima maqsadda kelganimni so‘radi», — deya ta’kidladi jabrlanuvchi.

«Undan shu savollarni nega zo‘ravonlik qilib, kuch ishlatishdan oldin bermaganini so‘radim, — deya so‘zida davom etdi jurnalist. — U o‘zi yashab turgan hududni nazarda tutib, „bu yerda aql emas, musht ishlaydi“, dedi mushtini ko‘rsatib. O‘zimni batafsil tanishtirdim. Maqsadim dorixonani jarimaga solish bo‘lmaganini, nazorat-kassa mashinasining QR-kodli chekini olmoqchi bo‘lganimni, sotuvchidan shuni talab qilganimni aytdim».

Uning so‘zlariga ko‘ra, chek bermagan do‘kon va dorixonalarni jarimaga torttirib, ulush olishni kasb qilib olganlar do‘konlarda o‘ziga shubha uyg‘otmaslik uchun sotuvchilardan umuman chek so‘rab o‘tirmaydi. Dorixona egasi esa uning so‘zlariga ishonishni istamagan va telefonda Soliq ilovasini ko‘rgach, battar jahli chiqib, uning «kozyol"ligiga «ishonchi ortib» yana musht ishlatishga o‘tgan.

«Ikki kun oldin ham jarima to‘lagandim. Kap-katta erkaksan, uyalmaysanmi shu harom puldan tirikchilik qilishga? Ota-onangning oldiga olib borib uyaltiraymi? Avval ham bittasi qo‘limga tushib qolgandi. Uning ham esini kiritib qo‘yganimdan keyin akasi oldimga kelib uzr so‘rab ketdi. Sening ham ortingdan kimdir kelib boshini egib turishini xoylaysanmi?» — dedi dorixona egasining so‘zlaridan iqtibos keltirdi Abbos Salaydinov.

Jurnalist dorixona unga qoida bo‘yicha plastikda xarid qilinganda ham QR-kodli chek berilishi lozimligini, Toshkentdagi do‘kon, supermarketlarda shunday chek olib yurganini aytgan. U esa bunga quyidagicha jvaob bergan: «Buyoqda qonun ishlamaydi, qonuningni Toshkentga borib talab qilasan».

«Dorixona egasi so‘roq davomida menga turli tahdidlar ham qildi. Xususan, bo‘lib o‘tgan voqea haqida biror yerga shikoyat qilsam, ertaga o‘zim Toshkentga qaytib ketishim, Termizda esa opam yoki singlim qolishini, kutilmaganda ularga bir nimadir bo‘lib qolishi, ya’ni kimdir ularning nomusiga tegishini aytib tahdid qildi. Roppa-rosa bir soat davom etgan „tergov“ yakunida hech qayerga shikoyat qilmasligimni aytib, dorixonadan chiqdim. U esa yana bir marta hech qayerga xabar bermaslik haqida ogohlantirib, o‘ylab ish qilishimni aytib, „dushmanning bittasi ham ko‘plik qilishi“ bilan tahdid qildi», — dedi jabrlanuvchi.

Uning fikricha, sotuvchilar va xaridorlar o‘rtasidagi shu kabi tortishuvlar aslida tizimli muammo. «Men ushbu voqealarning o‘zi emas, ularga sabab bo‘layotgan omillar ko‘proq muhokama qilinishini xohlayman. Bunday holatlarga tizimli yechim, oltin o‘rtaliq topilishini xohlayman», — dedi u.

«Yo soliq tizimi tadbirkorlarga nisbatan adolatsiz ishlayapti yo ayrim tadbirkorlar daromadini yashirib insofsizlik qilyapti yoki har ikkala variant ham birgalikda amal qilyapti. Yo‘qsa, bunday holatlar yuzaga kelishi kerak emas. Normal jamiyatlarda bunday holatlar yuz bermaydi. Xalq bir-biriga dushman bo‘lib qolyapti», — dedi u.

Ta’kidlanishicha, dorixona egasi shunday degan: «Sen do‘pposlanib, oson qutulyapsan. Agar seni boshqa dorixonachi yoki do‘konchi tanishlarimga berganimda, o‘ldirib yuborgan bo‘lishardi. Sendaylarni izlab, qoningga tashna bo‘lib yurishibdi». «Vaziyat juda jiddiy. Ertaga do‘kon yoki dorixonada chek so‘ragan biror mijoz olomon qilinib, o‘ldirib qo‘yilmasidan avval, vaqtida chora ko‘rish kerak. Balki, jarimadan ulush berish tartibini qayta ko‘rib chiqish kerakdir», — dedi jurnalist.

«Biror marta chek bermagan do‘kon yo dorixonani jarimaga torttirmaganman. Chek so‘raganimda berolmagan sotuvchilar uzr so‘rab, keyinroq buni bartaraf qilishini aytganida indamay ketganman. Do‘kondan chek talab qilib, menga o‘xshab yemagan somsasiga pul to‘laganlar va tahdidlardan qo‘rqib, hech qayerga xabar bermaganlar ham talaygina topilsa kerak. O‘zim huquqshunos bo‘lganim uchun bunga jim qarab turolmadim», — deya tushuntirdi u.

«Voqeani yaqinlarimga aytganimda, ular dorixonachini ko‘cha qoidalari bo‘yicha tavbasiga tayantirishni taklif qilishdi. Ammo men unga qonunlar Termizda ham ishlashini ko‘rsatib qo‘yish variantini tanladim. Holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rish uchun Ichki ishlar bo‘limiga va Soliq qo‘mitasiga murojaat qilganman. Menga yetkazilgan tan jarohatlari ekspertizadan o‘tkazilib, o‘z tasdig‘ini topib ulgurgan», — deya yakunlagan Abbos Salaydinov.

Surxondaryo viloyati prokuraturasi mazkur holatni tasdiqlab, munosabat bildirdi.

Mazkur holat bo‘yicha A.Salaydinovning murojaati yuzasidan shahar IIB XPB TP profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari o‘tkazilgan.

«Sud tibbiyot ekspertizasining 24 martdagi hulosasiga ko‘ra, Abbos Salaydinovning olgan tan-jarohati og‘irlik darajasiga ko‘ra, 6 kun muddatdan o‘tmaydigan tez o‘tib ketuvchi „Yengil“ tan-jarohati ekanligi qayd etilgan», — deyiladi xabarda.

To‘plangan hujjatlar, taraflardan olingan tushuntirish xatlari va ekspertiza xulosasiga ko‘ra, biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlanmagan. Shu bois, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etib, S.R. (sotuvchi) va Sh. N. (dorixona egasi)ga nisbatan O‘zbekiston MJtKning 41-moddasi (haqorat) va 52-moddasi 2-qismi (qasddan yengil tan jarohati yetkazish) bilan ish qo‘zg‘atildi. Qolaversa, Abbos Salaydinovga nisbatan ham MJtKning 41-moddasi (haqorat) bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish ochildi.

Ma’muriy material 31 mart kuni mazmunan ko‘rib chiqish uchun JIB Termiz shahar sudiga yuborilgan.