IIV huzuridagi Tergov departamenti ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryoda bir guruh sport maktabi tarbiyalanuvchilari samosud uyushtirib, katta janjal keltirib chiqardi» nomi ostida tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Tergov departamenti tomonidan o‘tkazilgan tergov natijalariga ko‘ra, 3 noyabr kuni sport maktabi direktori, 1989 yilda tug‘ilgan Bekzod D. va 25 yoshli Jahongir A. orasida kelib chiqqan janjal natijasida maktab direktoriga tan jarohati yetkazilgan.

4 noyabr kuni soat 16:30 da Sho‘rchi tumanida yashovchi 37 yoshli Shuhrat E. o‘zining murabbiyi bo‘lgan sport maktabi direktori Bekzod D.ga yetkazilgan tan jarohati uchun o‘ch olish maqsadida, o‘zining tanishlari 28 yoshli Abduvosit A., 26 yoshli Jasurbek A., 28 yoshli Baxodir D., 31 yoshli Jaxongir U., 25 yoshli Oybek P., Azizbek Q., 29 yoshli Azamat H., 29 yoshli Sundarbek X. bilan birgalikda bir guruhga birlashib, jamoat joyi hisoblangan Sho‘rchi tumani «Bobur» mahallasida joylashgan oshxonada choy ichib o‘tirgan, 25 yoshli Jaxongir A., va uning o‘rtoqlari 24 yoshli Xurshid A., hamda 26 yoshli Ravshan N.ning yoniga borib, o‘zlari bilan olib kelgan bita hamda qo‘llariga tushgan stul va boshqa jismlar bilan 25 yoshli Jaxongir A.,ni urgan vaqtida, uning yonida o‘tirgan 26 yoshli Ravshan N., va 24 yoshli Xurshid A.,lar bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rib, ajratmoqchi bo‘lganligi sababli ularni ham urib do‘pposlab, tan jarohati yetkazgan holda bezorilik jinoyatini sodir etishgan.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida, fuqaro Jahongir A., va Xurshid A.ga «yengil» tan jarohati yetkazilgani ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan 5 noyabr kuni Sho‘rchi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro Shuhrat E., va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b,v» va 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari davomida 28 yoshli Abduvosit A., 26 yoshli Jasurbek A., 28 yoshli Baxodir D., 31 yoshli Jahongir U., 25 yoshli Oybek P., Azizbek Q., 29 yoshli Azamat H., 29 yoshli Sundarbek X., va 37 yoshli Shuxrat E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, har biriga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.