Toshkentda to‘lov [QR-kodli] chek berilmagani uchun tadbirkor ustidan «Soliq» ilovasi orqali shikoyat qilgan fuqarolar «samomud» qilingani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB rasmiy munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, holatlardan biri 18 mart kuni Bektemir tumanida sodir bo‘lgan. 2003 yilda tug‘ilgan A.R. do‘konga xaridor sifatida kirib, xarid qilingan mahsulot uchun to‘lov varaqasi (chek)ni so‘ragan. Uni bermaganligi uchun do‘konlarning «QR-kodini» skaner qilib Soliquz ilovasining «Soliq hamkor» sahifasiga yuborgan. Buning uchun 1990 yilda tug‘ilgan P.S. va 1991 yilda tug‘ilgan K.F. uni turli so‘zlar bilan haqorat qilgan.

Boshqa bir holatda esa 20 mart kuni Sergeli tumanida sodir bo‘lgan. Bir qancha fuqarolar 1997 yilda tug‘ilgan L.F.ni chekni bermaganligi bo‘yicha ma’lumotlarni soliq idoralariga berayotganlikda ayblashgan. So‘ng fuqarolar uni turli so‘zlar bilan haqoratlab, shovqin ko‘tarib jamoat tartibini buzishgan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-modda (haqorat qilish), 183-modda (mayda bezorilik), 200-moddalari (o‘zboshimchalik) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 41-moddada BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima, 183-moddada BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq, 200-moddada fuqarolarga BHMning 1/3 qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarimaga tortish nazarda tutilgan.