Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini erini rashk qilgan ayol samosud qilgani aks etgan video tarqaldi. Universitet matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.

O‘rganishlarga ko‘ra, universitet talabasi Yu.R. doimiy yashash joyi Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidan J. ismli yigitning avtomoshinasida ota-onasi tomonidan yuborilgan pochta (oziq ovqat mahsulotlari)ni ikki marta qabul qilib olgan. Talaba qizga ota-onasidan yuborilgan pochtani J. ismli shaxs universitetga olib kelganida uning ayoli (videodagi ayol) ham yonida bo‘lgan.

Tarqalgan videolarda ayol qizga qarata erining telefon raqamini nima sababdan blok qilmaganini so‘raydi. Qiz esa bir necha martalab blok qilganini, hatto 3 nafar bolasi ham borligini bilishini aytadi. Video so‘nggida esa ayol qizga tashlanib ketadi.

«Bir necha kundan keyin sodir bo‘lgan videodagi janjalli holat talaba Yu.R. uchun ham tushunarsiz bo‘lib, ushbu voqea yuzasidan talaba Ichki ishlar idoralariga ariza bilan murojaat qilgan», — deyiladi xabarda.

Universitet matbuot xizmati shu o‘rinda axborot tarqatuvchilar va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan xaqqoniy va xolis axborot tarqatishlarini, ayniqsa bilib bilmay qiz bola sha’niga turli tuhmatlar qilmasliklarini so‘rab qolgan. Shuningdek, ushbu masala yuzasidan Ichki ishlar organi mas’ullari tomonidan tergov ishlari olib borilayotgan ma’lum qilgan.