Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda sevganini ko‘rgani kelgan bolani qizning akasi samosud qilgani aytilgan video yuzasidan munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 21-iyun kuni soat 22:00 atrofida Urgut tumani “Omonqo‘ton” mahallasida yashovchi 2006-yilda tug‘ilgan Q.S. sinfdoshi U.G. bilan telefon orqali gaplashib, uning yashash xonadoniga borgan.

Uchrashish maqsadida kelgan vaqtida qizning akasi uni ushlab olib, urib tan jarohati yetkazgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video qizning akasi tomonidan olingan bo‘lib, unda yuz-ko‘zi momataloq bo‘lib ketgan yigitga yarim tunda uy tomida nima qilib yurgani so‘ralgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.