Adliya vazirligi o‘z tizimidagi rahbar va xodimlarni shtat qisqarishidan ogohlantirdi

Adliya vazirligi o‘z tizimidagi rahbar va xodimlarni ehtimoliy ishdan bo‘shatilish haqida ogohlantirdi. 207 nafar tuman va shahar adliya bo‘limi boshliqlari, 207 nafar DXM direktorlari bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin. «Maqbullashtirish va shtat qisqarishi asosan rahbar lavozimlar hisobiga to‘g‘ri kelmoqda, tumandagi va xizmat ko‘rsatuvchi bironta shtat qisqarmadi», — deyiladi xabarda.

Karantin tufayli tayinlanishi kechikkan pensiyalar to‘liq qoplab beriladi

Pensiya jamg‘armasi ma’lum qilishicha, fuqarolarning pensiya olish huquqi karantin davrida paydo bo‘lsa, biroq ushbu muddatda pensiya tayinlash uchun murojaat qila olmasa, unga pensiya huquqi paydo bo‘lgan sanadan boshlab to‘liq pul to‘lab beriladi.

Buxoro viloyati hokimi yodgorliklar nurayotganiga e’tiborsiz mas’ullarni tanqid qildi

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Nodir Devonbegi va Ko‘kaldosh madrasalarini ko‘zdan kechirib, ularning qarovsiz qoldirilgani va nurab ketayotgani uchun mas’ul rahbarlarni tanqid qildi. Buxoro shahar hokimi, viloyat hokimining o‘rinbosari va madaniy meros boshqarmasi boshlig‘iga 10 aprelgacha tarixiy ahamiyatga molik barcha obektlarni obodonlashtirishni buyurdi.

«Qonuningni Toshkentga borib talab qilasan». Jurnalist Surxondaryoda «samosud» qilindi

Termizda Kun.uz muxbiri va «Zakovat» bilimdoni Abbos Salaydinov dorixona sotuvchisidan QR-kodli chek talab qilgani uchun «samosud» qilindi. Dorixona egasi va sotuvchisi unga «qonunni Toshkentga borib talab qilishini» aytib, jismoniy kuch ishlatgani va haqorat qilgani aytilmoqda. Dorixona egasi, sotuvchi, xattoki jurnalistning o‘ziga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.

Bolalarni 2 yoshdan bog‘chalarga qabul qilish tartibi belgilandi

Maktabgacha ta’lim vazirligi ma’lum qilishicha, 2 yoshdan bog‘chalarga qabul qilish pullik xizmat ko‘rsatish shaklida amalga oshiriladi. Bog‘cha rahbari va ota-ona o‘rtasida shartnoma tuziladi, bola 3 yoshga to‘lgach shartnoma bekor qilinadi. 2 yoshli bolalar guruhi dam olish kunlarida va ish kuni tugagandan keyin ham ishlashiga ruxsat beriladi.

Qo‘shni davlatlardan o‘qishni test-sinovlarisiz ko‘chirish to‘g‘risidagi xabarlar yolg‘on — Oliy ta’lim vazirligi

Ijtimoiy tarmoqlarda xorijdan o‘qishni test-sinovlarisiz, to‘lovlarsiz va soddalashtirilgan tartibda ko‘chirish mumkinligi to‘g‘risidagi ma’lumot tarqaldi. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari imzosi tushirilgan xat va undagi ma’lumotlar hech qanday asosga ega emasligi ma’lum qilindi.

Haftaning birinchi yarmida harorat 33 darajagacha issiq bo‘ladi

Haftaning birinchi yarmida O‘zbekiston bo‘yicha yoz fasli kabi quruq ob-havo kuzatiladi. Bu iqlimiy me’yordan +10 darajaga yuqori. 7 aprelda ba’zi joylarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi va momaqaldiroq bo‘lishi kutilmoqda.

«Orqaga qaytish bo‘ldi, lekin ijobiy narsalar hali ham ko‘p». Buyuk Britaniya elchisi O‘zbekistondagi so‘z erkinligi haqida

«Bu so‘nggi bir necha yil ichida ko‘proq orqaga ketgan sohalardan biri. Lekin ijobiy narsalar hali ham ko‘p», — dedi Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchisi Tim Torlot O‘zbekistondagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni tasvirlar ekan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlar va blogerlar unchalik gapirishni xushlamaydigan muammolar hali ham mavjud.

Zuhriddin Qodirov qilichbozlik bo‘yicha o‘zbekistonlik birinchi jahon chempioni bo‘ldi

Zuhriddin Qodirov BAAda o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionati finalida germaniyalik raqibini mag‘lub etdi. U O‘zbekiston qilichbozlari o‘rtasida jahon chempionligini qo‘lga kiritgan ilk sportchi bo‘ldi. JCHda Zaynab Dayibekova bronza medalini qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston Fransiya bilan aviaqatnovlarni qayta tiklamoqda

Oradan ikki yil o‘tib Uzbekistan Airways Toshkentdan Parijga bo‘lgan muntazam aviareyslarni qayta tiklamoqda. 29 apreldan 10 iyunga qadar qatnovlar haftasiga ikki marta amalga oshiriladi.

Oksana Chusovitina Jahon kubogida 2 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi

Sport gimnastikasi bo‘yicha Jahon kubogida Oksana Chusovitina 2 ta oltin, 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritib, tayanib sakrash dasturida ayollar o‘rtasida mutlaq g‘olib bo‘ldi.

Xorazmda 2 ta noqonuniy mayning ferma faoliyati aniqlandi

Yangibozor tumanida fuqarolar o‘z xonadonida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, noqonuniy kripto-aktivlar mayningi faoliyatini yuritib kelayotgani aniqlandi. Natijada elektr tarmoqlari korxonalari manfaatiga umumiy hisobda 235,1 mln so‘m zarar yetgan. Ularga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar:

DJ Piligrim: Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?

O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Musiqachi Ilhom Yo‘lchiyev (DJ Piligrim) «Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?» loyihasi doirasida nega «Barselona» ishqibozi ekanligi va «Real Madrid» muxlislari orasida «Barsa» kiyimida o‘tirish qandayligi haqida gapirib berdi.

«Bugun pul ishlab topish uchun O‘zbekistondan ketish shart emas» — Shell IT-arxitektori Madina Berdiyeva

Madina Berdiyeva — dunyoning eng yirik neft-gaz kompaniyalaridan biri Shell`da tizimli arxitektor sifatida faoliyat yuritadi. «Xorijdagi o‘zbekistonliklar» loyihasi doirasida u Niderlandiyaga ko‘chib o‘tish, yosh qizlar chet elga o‘qishga ketish uchun ota-onalarini qanday ko‘ndirishlari mumkinligi va nima uchun bugungi kunda xorijiy tillarni bilish ko‘nikma hisoblanmasligi haqida so‘zladi.