Qashqadaryo viloyatida ayol va u bilan ishqiy munosabatda bo‘lgan erkakni qamchilab kaltaklagan hamda sochini kesib tashlagan 4 nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Bu haqda viloyat sudlari axborot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Berdimurat Yusupov farzandlari — Rustam, Elbek va Husan Yusupovlar bilan oldindan til biriktirib, bir guruh shaxslar sifatida jinoyatga qo‘l uradi. Aniqrog‘i, Berdimurat Yusupov o‘g‘li Hasan Yusupovni fuqaro M.Q. bilan ishqiy munosabatda yurganini sezib qolib, ular orasidagi munosabatga chek qo‘yishni maqsad qiladi.

Sud hujjatlarida qayd etilishicha, 2022 yilning 9 iyul kuni taxminan soat 23:30 larda Elbek va Husan Yusupovlar otasining topshirig‘i bilan Yakkabog‘ tumanidagi «Yangihayot» MFYda yashovchi fuqaro M.E.ning yashash xonadoniga boradi. U yerda ukalari Hasan Yusupov va M.Q.ni ushlab, urishadi va sudrab ota uylariga olib borishadi. Keyin g‘ayriqonuniy ravishda har ikkisining qo‘l-oyoqlarini arqon bilan bog‘lashadi hamda sochlarini olib tashlab, kal holatga keltirishadi. Avval qamchi bilan savalashadi, so‘ng qo‘l va oyoqlari bilan tepib, urishadi. Ularga jismoniy kuch ishlatish jarayoni 10 iyul kuni soat 06:00 larga qadar davom etadi.

«Sevimli» telekanalining «Zamon» informatsion dasturida aytilishicha, tongacha davom etgan zo‘ravonlik darvoza taqqilashi ortidan to‘xtaydi. Shu paytda uydagi ayollardan birining rahmi kelib, yarimjon holatdagi jabrlanuvchining arqonini yechib yuboradi. Deraza orqali ko‘chaga qochib chiqqan ayol yaqin oradagi savdo do‘koni oldiga borib, yerga yiqiladi.

Yakkabog‘ tuman sud-tibbiy ekspertiza bo‘linmasi xulosasiga ko‘ra, M.Q.ga sog‘lig‘ini qisqa vaqt, ya’ni olti kundan ortiq, yigirma bir kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga yomonlashuviga olib kelgan yengil shikast, Hasan Yusupovga esa sog‘liqni qisqa muddatga buzilishiga olib kelmagan yengil shikast yetkazilgan.

Qashqadaryo viloyat sudlari axborot xizmatining ma’lum qilishicha, sudlanuvchilar — Berdimurat Yusupov va uning o‘g‘illari Rustam, Elbek va Husan Yusupovlar o‘zlarining ushbu jinoiy harakatlari bilan Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi «a» bandida (Jismoniy azob berib, zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Dehqonobod tumani sudi raisi Nizom Mahmudov raisligida o‘tgan sud majlisida jabrlanuvchilar Hasan Yusupov va M.Q.lar so‘zga chiqqan. Ular sudlanuvchilarga nisbatan da’volari yo‘qligi aytgan.

Sud hukmiga ko‘ra, ota Berdimurat Yusupov va uning bir o‘g‘li Husan Yusupovga 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Rustam Yusupov 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Elbek Yusupovga esa Jinoyat kodeksining 138-moddasi 2-qismi «a» bandi bilan shu kodeksning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.