Ijtimoiy tarmoqlarda «Xatirchida mashinalarni to‘xtash mumkin emas joyga to‘xtaganini yuborib pul ishlagan odamni ushlashgani aytilmoqda» nomli video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, 29 iyun kuni Xatirchi tumanida yashovchi Sh. A hamda S.O tuman markazida taksichilik bilan shug‘ullanuvchilarning avtomashinalari davlat raqamlarini yashirin ravishda suratga olib internet ijtimoiy tarmog‘iga joylashtirishmoqchi bo‘lgan.

Aniqlanishicha, shu vaqtda tuman markazida taksichilik bilan shug‘ullanuvchi bir necha shaxslar ularni ko‘rib, ulardan nima sababdan suratga tushirib yurganligini, shu sababli ularga jarima belgilanayotganligini malum qilishgan.

Ular suratga tushirishmaganligini aytganidan so‘ng, taksichilar ularni urib do‘pposlab, suratga olgan telefonini tortib olishgan va Spark avtomashinasiga moddiy zarar yetkazgan, deyiladi xabarda.

Ushbu shaxslarning barchasi tuman IIBga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Holat yuzasidan surishtiruv ishlari davom ettirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev ko‘chalarda odamlarning qoidabuzarliklarni telefonga suratga olishi va buning evaziga rag‘batlantirilishi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirgan edi. «Ularga 10−15 ming so‘m berayaptimi, ertaga 100 ming so‘m berib, vataningni sot, desa ham sotvorishga tayyorlar ko‘p ekan. Bu juda yomon», — degan edi u. Kusherbayev qoidabuzarlarni aniqlashdan oldin infratuzilmani yaxshilab qo‘yishga kerakligini ta’kidlagan.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov yo‘l harakati qoidalarini buzayotganlarni suratga olganlarni rag‘batlantirish tizimi haqida: «Agar jamoat joyida odam noqonuniy xatti-harakat bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, [qoidabuzarlikni to‘xtatish uchun] kerak bo‘lsa, vijdonimni sotishga ham tayyorman», — deya tushuntirgan. U huquqbuzarliklar haqida xabar berayotganlarni haroqat qilmaslikka chaqirib, hozirgidek tinch zamonda yiliga minglab odamlar yo‘llarda o‘lib ketayotganini eslatib o‘tgan.