Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumanida soyda cho‘milgani aytilgan ayolning “samosud” qilingani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati rahbari Bobur Tulaganov izoh berdi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur holat Parkent tumani IIB Navbatchilik qismida 20 iyul kuni ro‘yxatga olingan.

Unga ko‘ra, Parkent tumani, Nevich mahallasida yashovchi fuqaro M.M. (1984 y.t. ayol) mahalla hududidan oqib o‘tuvchi “Qizilsoy” soyida cho‘milayotgan fuqaro D.G. (1987 y.t. ayol)ni yoniga borib, bu suvdan iste’mol qilishlarini aytgan. M.M fuqaro D.G. bilan janjallashib, uning egnida bo‘lgan kiyimlarini zo‘rlik bilan yechib tashlagan. Uni urib-tepib tan jarohati yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Parkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 277-moddasi 1-qismi (Bezorilik, ya’ni jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, urish-do‘pposlash, badanga yengil shikast yetkazish yoki o‘zganing mulkiga shikast yetkazish yoxud nobud qilish ancha zarar yetkazish bilan bog‘liq holda sodir etilsa) va 140-moddasi 1-qismi (Haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash, basharti, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Jarayonda albatta qonun ustuvorligi va qilmishga yarasha jazoning muqarrarligi ta’minlanib, batafsil ma’lumot beriladi”, — deyiladi xabarda.