Toshkent shahri Shayxontohur tumanida bir nechta qiz boshqa bir qizni kaltaklab, holat tasvirlangan videoni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatdi. Holat yuzasidan shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi.

Tarqalgan videoda 3 nafar qiz bir qizni kaltaklayotgani, bir qiz o‘sha yerda turgani va yana bir qiz tasvirga tushirayotganini ko‘rish mumkin. Videoda, shuningdek, kaltaklanayotgan qiz “bilib turib onadan so‘kmasam kerak”, deya uzr so‘ragani, lekin qizlar “to‘g‘ri o‘tir” deya uni urishda davom etgani aks etgan.

Aniqlanishicha, videodagi voqea 25-aprel kuni taxminan soat 15:00 da tumanning “Samarqand darvoza” MFY Uchlola ko‘chasidagi uy yerto‘lasida sodir bo‘lgan.

Shu tumandagi 82-sonli umumta’lim maktabi 7-sinf o‘quvchisi S.S. dugonalari Ch., S., T. va G. bilan birga shu maktabning 8-sinf o‘quvchisi K.M.ni do‘pposlagan va tasvirga olingan videoni o‘zining Instagram sahifasiga joylagan.

Holat yuzasidan tuman IIO FMB xodimlari tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Maktab o‘quvchi qizlari orasida guruh bo‘lib kaltaklash holatlari uchrab turadi. Jumladan, aprel oyi boshida Yangihayot tumanidagi maktabning 16, 17 yoshli o‘quvchi qizlari 14 yoshli qizni urib, unga yengil jarohat yetkazgandi. Qizlarning ota-onalari bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Voqea yuzasidan bezorilik holati bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

2022-yilning noyabr oyida esa Toshkent viloyati Parkent tumanida qizlar yigit talashib janjallashgani aytilgan video tarqalgan. Toshkent viloyati IIBB holat yozda sodir bo‘lgani va ariza kelib tushmaganini ma’lum qilgan. Videoda huquqbuzarlik alomatlari bo‘lgani tufayli ma’muriy bayonnoma tuzilib, qonuniy chora ko‘rish maqsadida JIB Parkent tumani sudiga yuborilgan.