Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyati Ishtihon tumanidada bir yigit va yoshi katta ayol boshqa bir yoshroq ayolni kaltaklagani tasvirlangan videolar tarqaldi. Viloyat IIB voqea yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini xabar qildi.

Video ostida qoldirilgan izohda yigit va ayol «ona-bola» deb tariflangan. Voqea dala maydonida sodir bo‘lgan, aynan nima sababdan ayol kishiga tan jarohati yetkazilganini tushunish mushkul. Yigitning qo‘lida tokqaychi borligini, yon atrofdagilar asosan tomoshabin bo‘lib turgani, faqat bir necha kishigina ajratishga harakat qilayotganini ko‘rish mumkin.

Biroq, yigit va yoshi kattaroq ayol qolganlarga vaziyatga aralashmaslikni buyurgan va ayolni urishda davom etgan. Boshqa bir videoda esa «samosud» qilingan ayol xushsiz, chuqur-chuqur nafas olib yotgani tasvirlangan.

Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati boshlig‘i Jahongir Sagdullayev mazkur holat bo‘yicha ma’lumot berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, video tegishli tartibda o‘rganib chiqilganda holat 13 iyun kuni sodir bo‘lgani Ishtihon tumani «Orlot» MFYdagi fermer xo‘jaliklarining birida sodir bo‘lgani aniqlandi.

«Ushbu fermer xo‘jaligidagi yer maydonidan ijarachi sifatida foydalanib kelayotgan ayollar o‘rtasida yuzaga kelgan o‘zaro kelishmovchilik oqibatida janjal sodir bo‘lgan. Bunga ijarachilardan birining o‘g‘li aralashib, ikkinchi ijarachiga [ayolga] tan jarohatlari yetkazgan», — dedi u.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.