Ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahridagi bozorda bir necha fuqaro ishtirokida “samosud” aks etgan video tarqaldi. Holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB axborot xizmati munosabat bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 21-iyun kuni Qo‘qon shahridagi kiyim-kechak bozori hududida joylashgan “Salaran” savdo do‘konining 33 yoshli ayol ish boshqaruvchisi Z.J. ushbu do‘kon ro‘parasida savdogarlik bilan shug‘ullanayotgan er-xotin I.K. va M.A.ga do‘kon oldida savdo qilmaslikini aytgan. Ular bir-birini xaqorat qilii ortidan janjal kelib chiqqan. Tartibbuzarlikka shu yerda bo‘lgan har ikki tarafning qarindoshlari ham qo‘shilgan.

22-iyun kuni “Salaran” savdo do‘koni rahbari M.I. va uning ikki sherigi — S.J. va X.P. do‘kon oldida bolalar kiyimi savdosi bilan shug‘ullanayotgan fuqaro N.A. hamda uning voyaga yetmagan 14 yoshli o‘g‘li M.A. bilan do‘konga kiruvchi xaridorlar yo‘lini to‘sib qo‘ygani uchun janjallashgan. Oqibatda voyaga yetmagan M.A.ga tan jarohatlari yetgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Qo‘qon shahri IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 277-modda (Bezorilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Tartibbuzarlikka aloqador barcha fuqarolarning shaxslari aniqlangan va tergovga jalb etilgan. Shuningdek, voyaga yetmagan M.A.ga nisbatan yetkazilgan tan jarohatlari yuzasidan sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlangan”, — deyiladi IIB axborotida.