13-aprel kuni Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi 331-maktabning o‘quvchi qizlari bir qizni urayotgani aks etgan video ortidan IIO FMB tergov bo‘limi jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

Aniqlanishicha, 12-aprel kuni darsdan so‘ng 2006 va 2007-yilda tug‘ilgan qizlar tumandagi 8-hududdagi qurilishi tugallanmagan obyektda 2009-yilda tug‘ilgan qizni urib, yengil tan jarohati yetkazgan. Bunda ularning jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimay, jamoat tartibini buzgani aytildi.

Tarqalgan videotasvirlarda o‘quvchilarning atrofida ham bir guruh qizlar holatni kuzatib turganini ko‘rish mumkin. O‘sha vaqtda ulardan biri voqeani tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqda tarqatgan.

Toshkent shahri Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi maktab ma’muriyati bundan o‘sha kuni kechqurun xabar topganini aytdi.

“Ertasi kuni maktab ma’muriyati janjal ishtirokchilarining ota-onalarini chaqirtirib, ular bilan tushuntirish ishlarini olib borgan. Voqea yuzasidan ma’muriyat Yangihayot tumani IIO FMBga murojaat qilgan”, — deyiladi xabarda.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.