Toshkent viloyati Qibray tumanida 22 yanvar kuni ikki kishi bir nechta noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklangani aytilgan video tarqaldi. Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 1998 yilda tug‘ilgan Sh. A. va 2003 yilda tug‘ilgan J.X.ni urib, jarohat yetkazganlik holati yuzasidan tezkor surishtiruv olib borilgan.

Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarga asosan Qibray tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi «b» (Bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik sodir etish) bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyatni fosh etish borasida olib borilgan tadbirlar davomida ushbu jinoyatni 2000 yilda tug‘ilgan M.A. hamda X.Z. sodir etgani aniqlanib, Qibray tumani hududida navbatdagi bezorilikni amalga oshirish maqsadida voqea joyiga kelgan vaqtida ushlangan.

Hozirda jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan guruh a’zolari hamda ularning boshqa jinoiy holatlarini aniqlashga qaratilgan surishtiruv tadbirlari hamda tergov harakatlari olib borilmoqda.