Ijtimoiy tarmoqlarda 4 nafar fuqaro ayol kishini kaltaklab, sochini kesib tashlagani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB munosabat bildiri.

Ta’kidlanishicha, voqea 9 iyul kuni soat taxminan 23−30 larda Yakkabog‘ tumani, «Yangihayot» MFYda yashovchi fuqarolar o‘rtasida sodir bo‘lgan. Unda fuqarolar Yu.E, Yu.B, Yu.R va Yu.Xlar kelini Q.M boshqa bir fuqaro Yu.X bilan «ishqiy munosabatda bo‘lib yurganligidan g‘azablanishgan».

«Uning oyoq-qo‘lini bog‘lab, sochini kesib tashlab, tanasini duch kelgan sohalariga qo‘l-oyoqlari va qamchi bilan muttasil ravishda urib, qiynab, jismoniy azob berib tan jarohati yetkazishgan», — deyiladi xabarda.

Natijada Q.M. tan jarohati olib, Yakkabog‘ tumani Tibbiyot birlashmasi shifoxonasiga tushgan.

Mazkur holat yuzasidan Yakkabog‘ tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan fuqaro Yu.E, Yu.B va boshqalarga nisbatan JKning 138-moddasi 2-qismi «a» bandi (Jismoniy azob berib, zo‘rlik ishlatib g‘ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ularning aybi sud majlisi davomida o‘z tasdig‘ini topsa, gumondorlar 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.