Prezident referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazib, referendum davomida umumxalq muhokamalarida faol va munosib ishtirok etgan millionlab yurtdoshlarni e’tirof etdi. “Yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Saylov kodeksiga prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolarining navbatdan tashqari saylovlarini o‘tkazish yuzasidan o‘zgartishlar kiritildi. Prezident davlat rahbari uchun muddatidan ilgari saylovlarni tayinlaganida, ular 2 oy ichida o‘tkazilishi kerak.
Adliya vazirligining sobiq xodimi tuhmat qilishda gumonlanib, hibsga olingandi. Uning ayoli tergov tugagan bo‘lsa-da, eri ozodlikka chiqmagani sababli bosh prokurorga murojaat qilgan. Sud ajrimiga ko‘ra, 3 oyga yaqin hibsda o‘tirgan fuqaro qo‘yib yuborildi.
Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori va Uchtepa tumani prokuraturasi tergovchisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ular firibgarlik hamda pora berishda gumonlanmoqda.
Ombudsman va jamoatchilik guruhlari vakillari 1-sonli tergov hibsxonasi (“Toshturma”)da bo‘lib, Nukus voqealari yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha sudlanganlar, jumladan, Dauletmurat Tajimuratov bilan uchrashdi. Sudda u ombudsmanni tanqid qilgandi.
Tijorat banklari 8-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 370 — 11 400 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 430 — 11 500 so‘m.
“Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumiga ovoz berish yakunlandi. Jami 517 ta loyiha g‘olib deb topildi, endi ularga 412 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi. Joylarda fuqarolar bayram qilishni boshlab yubordi.
Dushanba tongida Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 3,2 magnitudali zilzila qayd etildi.
Toshkentda Qatar elchixonasi ochildi. Marosimda Qatar tashqi ishlar davlat vaziri Sulton bin Saad al-Murayxiy ishtirok etdi.
Bosh prokuratura aralashuvi bilan bayroq rangidagi tasma taqqan qamashilik yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror bekor qilindi. Shuningdek, mazkur qarorning noqonuniy ekani ma’lum qilindi.
Mudofaa vazirligi O‘zbekistonda 174 nafar Ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilari yashashini ma’lum qildi. Eng ko‘p urush va front orti qatnashchilari Toshkent shahri (55 nafar), Toshkent (26 nafar) va Farg‘ona (19 nafar) viloyatlarida umr kechirmoqda. Ularning eng yoshi — 78, eng ulug‘i — 112 yoshda.
9-may oqshomida Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” istirohat bog‘i hududida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayramona mushakbozlik tashkil etiladi.
Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari qiynoqqa solingan tadbirkorlar Dilshod To‘raxo‘jayev va Hasanboy Abdunabiyev saqlanayotgan “Toshturma”da bo‘ldi. O‘tkazilgan xoli suhbatlarda ular ruhiy va jismoniy qiynoqlarga solinganini tasdiqlab, bunga asosli dalillar borligini aytishgan.
Qamashi tumanidagi bozorda IIO xodimlari O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi tasma taqqan yigitni qo‘lga oldi. U tasmani yechishdan bosh tortdi, shundan so‘ng yigit bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, sudga taqdim etish uchun hujjatlar rasmiylashtirildi.
Prezident Ilxomjon Abdugafarovni transport vaziri o‘rinbosari etib tayinladi. Bunga qadar u Markaziy bank raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Germaniyaning Siemens konserni Buxorodagi qozonxona va Qashqadaryodagi issiqlik elektr markazi uchun gaz turbinalari yetkazib beradi, shuningdek, O‘zbekistonda bir qancha elektr stansiyalar quradi.
Toshkentda boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatining (IBA) dastlabki 5 kunida O‘zbekiston terma jamoasi faqat bir marta mag‘lubiyatga uchradi. 6-may kuni terma jamoaning yana 2 nafar vakili bahsga kirishadi.
To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi 26 yoshli fuqaro 23 yoshli sobiq xotinini pichoqlab o‘ldirdi. Shundan so‘ng o‘ziga ham pichoq urgan erkak shifoxonaga olib ketildi. Bosh prokuratura ular 2022-yilda ajrashgani, ammo majburan birga yashab kelganini bildirdi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Farg‘ona tumanida erkak “jo‘jalarni yeb ketayotgani uchun” mushukni pnevmatik ov quroli bilan otib o‘ldirgani aniqlandi. Shuningdek, bug‘uni bo‘g‘izlab o‘ldirgani aks etgan surat tarqaldi. Tuman IIB tomonidan uning quroli olib qo‘yilib, ish bo‘yicha hujjatlar huquq-tartibot organlariga taqdim etildi.
Shanba kuni Qashqadaryo va Jizzax viloyatlari bo‘ylab qor yog‘ishi kuzatilmoqda. Xorazm markazi Urganchda esa 1 sutka davomida 23.7 mm yomg‘ir yog‘ib o‘tgan. “Qor va haroratning nolgacha pasayishi meva va gullarni sovuq urishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin”, — deb yozmoqda O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulaxatov.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting