6-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 1-son Tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur tashrif doirasida Jinoyat kodeksining 164-moddasida (Bosqinchilik) nazarda tutilgan jinoyatini sodir etganlikda gumon qilinib, qamoqqa olingan Dilshodjon To‘raxo‘jayev va 251 prim 1-moddasida (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda gumonlanib, qamoqqa olingan Hasanboy Abdunabiyev bilan yakka tartibda xoli suhbatlar o‘tkazildi.

Hasanboy Abdunabiyev (chapda).Hasanboy Abdunabiyev (chapda).

O‘tkazilgan suhbatlar davomida har ikki shaxs ijtimoiy tarmoqlarda o‘zlari haqida tarqatilgan xabarlarni tasdiqladi. Xususan, Dilshodjon To‘raxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan Namangan viloyati Pop tumani Ichki ishlar bo‘limida va keyinchalik Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ruhiy va jismoniy bosim o‘tkazilgan.

“Qiynoqlar natijasida aybiga iqror bo‘lgan va olgan tan jarohatlarini ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan yetkazilganligi bo‘yicha ko‘rsatma bermagan. Uning qiynoqqa solingani haqida keyinchalik advokati xabar qilgan. Shuningdek, u ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy qiynoqqa solinganligini tasdiqlovchi asosli dalillari mavjudligini ma’lum qildi”, — deyiladi xabarda.

Shu bois, ombudsmanning monitoring tashrifi yakunlariga ko‘ra, Dilshodjon To‘raxo‘jayevning qiynoqqa solingani holati yuzasidan olib borilayotgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari har tomonlama, to‘liq va qonuniy o‘tkazilishining ta’minlanishi yuzasidan Bosh prokuraturaga nazorat xati kiritildi.

Bunga qadar ham Hansanboy Abdunabiyevning advokati tomonidan yuborilgan murojaat ombudsman tomonidan nazoratga olinib, Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida ko‘rib chiqilishi yuzasidan Bosh prokuraturaga ombudsmanning nazorat xati kiritilgani eslatib o‘tildi.