6-may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va uning huzuridagi jamoatchilik guruhlari vakillari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha sudlangan, hozirda Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-sonli tergov hibsxonasida (“Toshturma” nomi bilan mashhur) saqlanayotgan shaxslar bilan uchrashdi.

Monitoring davomida ombudsman vakillari hibsxonada bir qator kamchiliklar mavjudligini aniqladi. Xususan, ayrim kameralarda sanitariya-gigiyena holati talab darajasida emasligi, saqlanayotgan shaxslarga sayr uchun yetarli vaqt berilmayotgani hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ayrim e’tirozlar bildirildi.

Ushbu salbiy holatlarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamentiga ombudsman talabnomasi kiritildi.

Avvalroq Nukus voqealari bo‘yicha birinchi sudlangan 22 nafar mahkumdan 16 nafari dastlabki instansiya sudining qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bergani haqida xabar berilgandi. 5-may kuni Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov kollegiyasida apellyatsiya shikoyati bo‘yicha birinchi sud majlisi bo‘lib o‘tdi, biroq asosiy ayblanuvchi Dauletmurat Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov kelmagani sababli sud jarayoni boshlanishi keyinga qoldirilgandi.

Apellyatsiya Toshkent shahrida ko‘rib chiqilayotgani sababli (birinchi sud jarayoni Buxoroda bo‘lib o‘tgan) mahkumlar 1-sonli tergov hibsxonasiga o‘tkazilgan.

Monitoring tashrifi davomida ushbu ayblanuvchilar saqlanayotgan kameralarga, xususan, Dauletmurat Tajimuratov saqlanayotgan kameraga ham tashrif buyurildi. Ular bilan jamoaviy va yakka tartibda holi tarzda suhbatlar o‘tkazildi.

“Unda hibsxonadagi saqlash sharoitlari va oziq-ovqat ta’minotidan e’tirozlari yo‘qligini ma’lum qilishdi. Tajimuratov ham advokati va himoyachisi bilan uchrashuvlarga ruxsat berilayotganini, biroq hibsxona xodimlari unga huquq va majburiyatlarini yetarli darajada tushuntirishmaganliklari, shu bois hibsxona xodimlariga nisbatan ayrim e’tirozlarini bildirib o‘tdi”, — deyiladi xabarda. Sud jarayonida u tergov hibsxonasidagi tartib-qoidalar to‘g‘risidagi nizom bilan ta’minlanmaganini aytgan.

Ombudsman matbuot xizmatining ma’lumotlarga ko‘ra, Dauletmurat Tajimuratov 1-son tergov hibsxonasiga olib kelinganidan so‘ng tashrif kuniga qadar himoyachisi, ya’ni ukasi Renat Tajimuratov bilan 7 marotaba va advokati Sergey Mayorov bilan 2 marotaba holi tarzda uchrashgan.

Avvalroq Dauletmurat Tajimuratov ombudsmanni tanqid qilib, Buxorodagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil va jamoat tashkilotlari vakillari boshqa ayblanuvchilar bilan uchrashganini, lekin u bilan hech qachon uchrashmaganini ta’kidlagandi. 5-may kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida u tergov hibsxonasi ombudsman va Bosh prokurorga xatlarini jo‘natmayotganini ham qayd etgandi.