6-may kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani tog‘li “Ko‘l” kuzatuv stansiyasida havo harorati +3 darajani tashkil etdi. Bu haqda O‘zgidromet xodimi Erkin Abdulaxatov o‘zining Telegram kanalida yozmoqda.

Erta tong stansiyada harorat nol darajaga yaqinlashgan va viloyatning tog‘li hududlaridan nam havo oqimi o‘tgani uchun dengiz sathidan 2 km dan yuqori tog‘li hududlarda qor hodisasi kuzatilgan.

Xususan, Shahrisabzning tog‘li Sarichashma qishlog‘ida qor yog‘ib o‘tdi.

Mahalliy Telegram kanallarda e’lon qilingan videolarga ko‘ra, Kitob tumani tog‘li Aspiduxtar va Denovbuloq qishloqlarida ham qor yog‘gan.

Bundan tashqari, Yakkabog‘ tumani tog‘li Zarmas qishlog‘i hamda Dehqonobod tumani Oybek tog‘liklarida qor yog‘ganini ko‘rish mumkin.

Uzb Meteo kanali Shahrisabz tumani G‘elon qishlog‘idan ham qor manzaralarini taqdim etdi.

“Qashqadaryo viloyati dengiz sathidan 2200 metr yuqori tog‘li qishloqlarida yog‘gan qor hodisalari va haroratning nol darajagacha pasayishi hududlardagi tuggan meva va gullarni sovuq urishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin”, — deb yozadi mutaxassis.

Qashqadaryodan so‘ng Jizzax viloyati Zomin tumani dengiz sathidan 2 km yuqorilikdagi Zomin sanatoriyasi atrofida ham qor yog‘a boshladi.

Xorazm viloyati markazi Urganchda esa 1 sutka davomida umumiy 23.7 mm yomg‘ir yog‘ib o‘tgan. Xiva tumanida 13 mm, Tuyamo‘yinda 4 mm, Gurlanda 0.6 mm gacha yog‘in tushgan.

6-mayda vodiy viloyatlaridan tashqari (Farg‘ona viloyatida erta tongdan beri kuchli shamol kuzatilmoqda) joylarda yog‘ingarchilik kutiladi. 2000 metrdan yuqori tog‘li hududlarda qor yog‘ishi mumkin.

5-may, juma kuni tushdan so‘ng O‘zbekistonning janubiy qismi, xususan, Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida chang bo‘ronlari sodir bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet xizmati O‘zbekistonda ish haftasi davomida harorat Qozog‘iston hududlaridan nisbatan kuchsiz salqin havo oqimi kirib kelishi hisobiga barqaror bo‘lishi aytilgandi. Shuningdek, dam olish kunlari ham havo salqin bo‘lishi prognoz qilingan.

5−7-may kunlari O‘zbekistonda kuzatiladigan kuchli yomg‘irlar sababli 9 ta viloyatda sel-suv toshqini yuzaga kelishi mumkinligi haqida ogohlantirish berilgan. Ayrim joylarda do‘l yog‘ishi, shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon ko‘tarilishi kutilmoqda.