Ijtimoiy tarmoqlarda Qamashi tumanidagi bozorda huquq-tartibot idoralari xodimlari O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi va “Bitiruvchi” yozuvi bo‘lgan tasma taqqan yigitni qo‘lga olgani aks etgan video tarqaldi.

Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmatining Kun.uz nashriga xabar qilishicha, voqea 5-may kuni Qamashi shahridagi “Chim” bozorida sodir bo‘lgan.

Bozorda navbatchilik qilayotgan profilaktika inspektorlari tasmali yigitni payqab, uni to‘xtatib, davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, uni bu ko‘rinishda taqib yurish unga nisbatan hurmatsizlik hisoblanishini aytgan va tasmani olib tashlashni so‘ragan.

“Fuqaro IIB xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, qarshilik ko‘rsatgan”, — deyiladi xabarda.

Natijada belgilangan tartibda Qamashi tumanida yashovchi fuqaro R. I. bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan", — deyiladi viloyat IIB axborot xizmati ma’lumotida.

Holat yuzasidan fuqaroga MJtKning “tegishli moddalari”ga ko‘ra hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar qonuniy to‘xtamga kelish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilgan, deya qo‘shimcha qildi IIB.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston bayrog‘i ranglaridagi tasmalardan maktablarda o‘quv yili yakunlangan kuni, shuningdek, 9-may — Xotira va qadrlash kunida keng qo‘llaniladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zLiDeP bayroqdan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish, fuqarolarga undan erkin foydalanish, xususan, uni o‘z uyi va ish joylariga o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bog‘liq javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish ham taklif qilindi.

Hozirda O‘zbekiston bayrog‘idan faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, shuningdek, bayramlarda asosiy ko‘chalarda foydalanishga ruxsat beriladi.