7-may kuni soat 18:00 da “Ochiq budjet” axborot portalida e’lon qilingan “Mening yo‘lim” loyihasining 2023-yilgi mavsumiga ovoz berish jarayoni yakunlandi, deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati.

Loyiha tuman (shahar) budjetlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun rejalashtirilgan mablag‘larning kamida 50 foiz qismini fuqarolar fikri asosida yo‘naltirilishni ta’minlash maqsadida tashkil etilgandi. Ushbu mavsum uchun respublika bo‘yicha 10 317 ta tashabbusli taklif kelib tushgan.

27-apreldan 7-may kuniga qadar davom etgan ovoz berish jarayoni natijalariga ko‘ra, 517 ta loyiha g‘olib deb topildi. Ovoz berish jarayonida respublika bo‘yicha 8 million 93 ming 918 nafar fuqaro ishtirok etdi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, ushbu jarayonlarda eng ko‘p g‘olib loyihalar quyidagi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi:

  • Toshkent viloyati (55 ta);
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi (54 ta);
  • Samarqand viloyati (40 ta);
  • Andijon viloyati (40 ta).

Vazirlikning qayd etishicha, g‘olib bo‘lgan loyihalarni moliyalashtirish uchun respublika bo‘yicha 412 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltiriladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda takliflari g‘olib deb topilgan fuqarolarning bayram qilayotgani aks etgan videolarni ko‘rish mumkin. Ular ko‘chalarda to‘planib, karnay-surnay hamda baland musiqa sadosiga raqsga tushmoqda.