O‘zbekiston Bosh prokuraturasi aralashuvi bilan Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida bayroq rangidagi tasma taqqan yigitga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror bekor qilindi. Bu haqda Bosh prokuraturaning rasmiy Telegram-kanalida xabar berildi.

“Bosh prokuratura aralashuvi bilan yigitga nisbatan qo‘llanilgan ushbu noqonuniy qaror bekor qilinishi ta’minlandi”, -deyiladi xabarda.

Avvalroq tarmoqlarda Qamashi tumanidagi bozorda huquq-tartibot idoralari xodimlari O‘zbekiston bayrog‘i rangidagi va “Bitiruvchi” yozuvi bo‘lgan tasma taqqan yigitni qo‘lga olgani aks etgan video tarqalgan edi. Viloyat IIB tasmani yechishdan bosh tortgan yigit bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgani, unga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy to‘xtamga kelish uchun jinoyat ishlari bo‘yicha Qamashi tuman sudiga yuborilganini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, hozirda O‘zbekiston bayrog‘idan faqat davlat organlari va diplomatik vakolatxonalar binolarida, prezident va boshqa rahbarlar devonlarida, harbiy qismlarda, chegara postlarida, sport maydonchalarida, bayram va tantanalarda, shuningdek, bayramlarda asosiy ko‘chalarda foydalanishga ruxsat beriladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zLiDeP bayroqdan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish, fuqarolarga undan erkin foydalanish, xususan, uni o‘z uyi va ish joylariga o‘rnatish tashabbusi bilan chiqqan edi. Bundan tashqari, bayroqdan foydalanish bilan bog‘liq javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish ham taklif qilindi.