Adliya vazirligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh maslahatchisi Husan Ravshanov boshqa bir shaxsni korrupsiyada ayblab, tuhmat qilishda gumonlanib, hibsga olingandi. Uning turmush o‘rtog‘i bosh prokurorga murojaat qilganidan so‘ng qamoqqa olish ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, u qo‘yib yuborildi. Bu haqda uning advokati Abdumalik Abdullayev Facebook sahifasida xabar berdi.

“Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudining 2023-yil 4-maydagi ajrimiga asosan, ayolning turmush o‘rtog‘i, himoyamizda bo‘lgan Husan Ravshanovni qamoqqa olish ehtiyot chorasi o‘zgartirilib, 1-sonli tergov hibsxonasidan ozod etildi”, deya keltiriladi xabarda.

Husan Ravshanov 2023-yil 3-fevral kuni JPKning 227-moddasi tartibida ushlanib, 5-fevral kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangandi.

U Facebook`da begona ism-sharif bilan akkaunt ochib, adliya xodimlarini korrupsiyada ayblash orqali tuhmat qilganlikda ayblangan.

“Yashnobod tumani sudi sudyasi jinoyat ishini sudda ko‘rish uchun tayinlash haqida ajrim chiqarish vaqtida JPK 396-moddasiga muvofiq ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot chorasi noto‘g‘ri tanlangan, degan to‘xtamga kelib, ehtiyot chorasini o‘zgartirish haqida ajrim chiqardi”, deyiladi xabarda.

Eslatiib o‘tamiz, 3-may kuni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida bo‘lgan sayyor qabulda bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova bilan murojaatchi ayol janjallashgandi. Gap shundaki, ayol (Sevara Ravshanova) va uning qaynotasi bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev bilan uchrashmoqchi bo‘lgan, biroq uning o‘rinbosari qabulga o‘tkazishni istamagan. Ayolning muddaosi Adliya vazirligi xodimi bo‘lib ishlagan turmush o‘rtog‘ining qamoqqa olinishi bilan bog‘liq edi.

Uning eri Husan Ravshanov Toshkent viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Abdumutalib Dadajonovni korrupsiyada ayblash orqali tuhmat qilishda gumonlanib, hibsga olingandi. Uning hibsda ekanidan jamoatchilik aprel oyiga kelibgina xabar topgan.