8-may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari va jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat raxbarining matbuot kotibi uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi.

U nutqi avvalida 30-aprel kuni o‘tgan Konstitutsiya bo‘yicha referendum mamlakat hayotida hech shubhasiz tom ma’nodagi ulkan tarixiy voqea bo‘lganini aytdi.

“Birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik. Referendumda ishtirok etgan fuqarolarimizning mutlaq ko‘pchiligi „Bu — mening Konstitutsiyam“, deb g‘urur bilan ovoz berdi. Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda ko‘rsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarimizga katta ishonch bilan qarab, ularni to‘la qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi”, — deya ta’kidladi prezident.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev ushbu jarayonda umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlar faol va munosib ishtirok etganini e’tirof etdi.

“Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdilar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz bo‘ldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Eng muhimi, endi islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson — jamiyat — davlat”, degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz!", — deya qo‘shimcha qildi u.

Yig‘ilishda aholining referendumdagi ovozi, bildirgan yuksak ishonchi barchaga katta mas’uliyat yuklashi, xalqni rozi qilish uchun hukumatni yangi marralarga undashi, islohotlarni jadal davom ettirishda yanada katta kuch-g‘ayrat va ilhom bag‘ishlashi ta’kidlandi.

“O‘zining yuksak fuqarolik burchini chin dildan ado etib, Asosiy qonunimizni qabul qilishda amaliy taklif va tashabbuslari, g‘oya va fikrlari bilan faol ishtirok etgan ko‘p millatli, mard va olijanob xalqimizga ta’zim qilaman”, — dedi prezident.