Germaniyaning Siemens konglomerati O‘zbekistonda bir qator energetika loyihalarini amalga oshirmoqchi, deb хабар qildi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

2-may kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Germaniya biznes-forumi doirasida Siemens Energy va “Issiqlik elektr stansiyalari” 4 ta energiya tejovchi gaz turbinasi o‘rnatish bo‘yicha 72 million yevrolik shartnomalar imzoladi. Buxoro shahrining 3-sonli issiqlik ta’minoti qozonxonasida va Muborak IEM korxonasida har birining quvvati 54 MVtga teng bo‘lgan ikkitadan, jami 4 ta gaz turbina o‘rnatiladi.

Mazkur loyihalarning ishga tushirilishi natijasida mamlakatda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining umumiy quvvati 216 MVtga oshadi, shuningdek, yiliga 1,7 million kVt/soat elektr energiyasi va 1,5 Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, 80 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Siemens ham bir qancha yangi elektr stansiyalarini qurishi kutilmoqda. Bu haqda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Ta’kidlash o‘tib kerakki, Siemens kompaniyasi birinchi marta [O‘zbekistondagi loyihalarda] nafaqat uskuna yetkazib beruvchi, balki investor sifatida ham ishtirok etyapti”, — deydi Energetika vazirligi rahbari.

Germaniya konserni bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini qurish va 2025−2026-yillarda ishga tushirish rejalashtirilgan. Germaniya kompaniyasi Navoiy kimyo klasterida issiqlik elektr stansiyasini, shuningdek, umumiy quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol va quyosh stansiyalarini qurishda ishtirok etadi.